Davlatning qo‘llab-quvvatlashi va tadbirkorlar tashabbusi chorvachilik taraqqiyotiga xizmat qilmoqda
Prezident tashrifidan so‘ng...
Keyingi yillarda yurtimizda qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohasiga bo‘lgan e’tibor sezilarli darajada kuchaydi. Davlatimiz rahbarining shu yil iyun oyida Mo‘g‘ulistonga davlat tashrifi chog‘ida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida imzolangan kelishuvlar bu sohani yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.
Mo‘g‘ulistondan naslli qo‘y va echkilarni olib kelish tashabbusi mamlakatimiz chorvachilik tarmog‘ida sifat o‘zgarishlariga yo‘l ochmoqda.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashabbusi bilan Qashqadaryo viloyatidagi tadbirkorlar tomonidan 12 ming 300 bosh qo‘y keltirish rejalashtirilgan. Buning umumiy qiymati qariyb 28 milliard so‘mni tashkil etadi. Hozirning o‘zida uch nafar tadbirkor o‘z mablag‘i hisobidan 2 ming 400 bosh qo‘y olib kelish ishlarini yo‘lga qo‘ygan bo‘lsa, yana yetti nafar tadbirkor 4 ming 900 bosh qo‘y xarid qilish uchun tegishli shartnomalarni imzoladi.
Yangi chorvalarning mamlakatga kirib kelishi nafaqat mahalliy nasldor zotlarni boyitish, balki qo‘ychilik mahsulotlari – go‘sht, sut, teri va jun yetishtirish hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa ichki bozorda narx barqarorligi va eksport imkoniyati kengayishiga yo‘l ochadi.
Mo‘g‘uliston bilan olib borilgan samarali muloqot natijasida Yakkabog‘ tumanidagi “Kumush kuz fayzi” korxonasi va “Oqtosh kelajagi” chorvachilik xo‘jaligiga to‘rt ming bosh qo‘y xarid qilish uchun bank krediti ajratildi. Shu asosda “Oqtosh kelajagi” xo‘jaligi dastlab ikki ming bosh Bayat zotli qo‘ylarni olib keldi.
Bundan tashqari, kichik fermer va dehqon xo‘jaliklari ham bu jarayonda faol ishtirok etmoqda. Masalan, Kitob tumanidagi “Sharipov Hamroqul” fermer xo‘jaligi va Koson tumanidagi “Bobonazar Ergash” dehqon xo‘jaligi har biri 500 boshdan qo‘y xarid qilish uchun o‘z mablag‘idan foydalandi. Bu holat kichik tadbirkorlarning ham qo‘ychilikni rivojlantirishga qiziqishi oshib borayotganidan dalolatdir.
Mo‘g‘ulistondan naslli qo‘ylarni olib kelishning iqtisodiy ahamiyati nihoyatda katta. Avvalo, chorvachilikning genetik salohiyati oshadi, mahalliy zotlar sifat jihatidan boyiydi. Ikkinchidan, mahsulot turlari ko‘payadi, ichki bozorda raqobat kuchayadi va aholi sifatli mahsulotni arzon narxda xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, eksport uchun yangi yo‘nalishlar ochiladi. Chunki yuqori sifatli naslli chorva va undan olinadigan mahsulotlar tashqi bozorda ham talabga ega.
Bir qarashda bu tashabbus oddiy savdo yoki chorva olib kelish jarayonidek ko‘rinishi mumkin. Lekin aslida u yurtimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish yo‘lida muhim tashabbus hisoblanadi. Tadbirkorlarning faolligi, davlat qo‘llovi va xalqaro hamkorlik natijasida qo‘ychilik tarmog‘i mamlakatimizda yangi bosqichga ko‘tarilishi shubhasiz.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri