Samarqandda sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar erta tongdan boshlandi.
Viloyat va shahar mas’ullari, faollar an’anaga ko‘ra, dastlab, Amir Temur maqbarasini ziyorat qildilar. Qur’on tilovat qilindi.
Shundan so‘ng shahar markazidagi Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi.
1996 yilda sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan shahar markazida uning salobatli haykali o‘rnatilib, maqbara va uning atrofi obod qilingan edi. Ayni paytda ushbu maskanlar yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlar eng ko‘p keladigan sayyohlik ob’ektiga aylangan.
Samarqanddagi bayram va muhim sanalar buyuk jahongir maqbarasi ziyorati bilan boshlanadi.
[gallery-22712]
– Amir Temur xalqimizning ulug‘ siymosi, ajdodlarimiz kuch-qudrati timsoliga aylangan zotdir, – deydi tarixchi olim Amriddin Berdimurodov. – Biz bugun Yangi O‘zbekistonda uchinchi Renessans poydevorini qo‘yishdek ulug‘ maqsad bilan harakat qilayotgan ekanmiz bunda ikkinchi Renessans paydo bo‘lishida mislsiz hissa qo‘shgan ulug‘ bobomiz Amir Temurning ilm-fan, madaniyat homiysi sifatidagi sa’y-harakatlari, ulkan bunyodkorlik ishlaridan namuna olishimiz lozim. Ana shunda oradan yetti asr o‘tib, buyuk jahongirning munosib avlodlari sifatida O‘zbekistonning qudrati va salohiyatini yana dunyoga namoyon etamiz.
Amir Temur tavallud kuniga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ta’lim muassasalari, teatr va muzeylar, madaniyat maskanlarida davom etmoqda.
G‘.Hasanov,
A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari