
Buxoro shahrida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, sayyohlar uchun yangi turizm manzilini tashkil qilish maqsadida Modarixon madrasasida infotur tashkil etildi. Unda viloyatda faoliyat yuritib kelayotgan turoperatorlar, ekskursovodlar, mehmonxona xo‘jaligi sub’ektlari hamda xorijiy sayyohlar ishtirok etdi.

– Infoturdan ko‘zlangan maqsad yangi ochilgan turizm ob’ektini mahalliy tur kompaniyalar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish, uning nufuzini ko‘tarish va turpaketlarga kiritishdan iborat. Shuningdek, turoperatorlarga kelgusida mazkur majmuaga xorijiy turistlar tashrifini tashkil etishga doir aniq tavsiyalar berildi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i Suhrob Bobokalonov.



Infotur davomida o‘zbek milliy kuy-qo‘shiqlar, betakror raqslar va Buxoro mavrigilari ijro qilindi. Ta’kidlash joizki, endilikda Modarixon madrasasiga tashrif buyuruvchilar nafaqat tarixiy ob’ekt bilan tanishish, balki milliy kuy-qo‘shiqlar ohangi ostida o‘zbek taomlaridan ham tanovul qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.