Buxoroda xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi
Buxoro shahrida 2025 yildan boshlab har ikki yilda bir marta sentyabr-noyabr oylarida xalqaro zamonaviy san’at biyennalesi o‘tkaziladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalqaro zamonaviy san’at biyennalesini yuqori saviyada o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilandi.

Asosiy maqsad O‘zbekistonning jahon madaniy xaritasidagi nufuzini yuksaltirish, zamonaviy san’at, tarixiy meros, kreativ iqtisodiyot va turizm uyg‘unligini ta’minlash orqali mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga hissa qo‘shishdir.
Mazkur nufuzli tadbirga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining O‘zAga xabar berishicha, 2025 yil 5 sentyabrdan 20 noyabrgacha davom etadigan anjuman dasturidan yetakchi zamonaviy rassomlar bilan suhbatlar, musiqiy chiqishlar, bosh oshpazlar uchrashuvlari, hunarmandlar rahbarligidagi mahorat darslari, san’at tarixi simpoziumi, she’riy dasturlar o‘rin oladi.

Buxoro biyennalesi dastlabki yil “Qalblar dardiga darmon” mavzusiga murojaat qilib, 10 hafta davomida zamonaviy san’at, hunarmandchilik va taomlar festivallari ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Bu o‘z navbatida Markaziy Osiyodagi eng yirik va turfa madaniy tashabbuslardan biriga aylanishi kutilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, zamonaviy san’at biyennalesi YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga va “Ijodkor shaharlar tarmog‘i” dasturiga kirgan, asrlar davomida ilm-fan, me’morchilik, hunarmandchilik va san’at markazi bo‘lib kelayotgan ko‘hna Buxoro shahrining o‘rni va ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA muxbiri