
Mamlakatimizda Navro‘z umumxalq bayrami “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanadi.
Sharqona yangi yil boshlanadigan qutlug‘ kun – Navro‘zi olam asrlar davomida bahor, ezgulik, mehr-oqibat, mehnat va bunyodkorlik ramzi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-ma’naviy hayotida beqiyos o‘rin tutib kelmoqda.
Bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan olijanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi hamda mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlarida keng nishonlanmoqda.
Ushbu ulug‘ faslning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan gumanizm, odamzodni butun borliqning gultoji sifatida e’zozlash, ona zamin va tabiatni asrab-avaylash tamoyillari bugungi kunda hayotimizda yanada yorqin namoyon bo‘lmoqda.
[gallery-22281]
Aynan ana shunday ezgu qadriyatlar tufayli yurtimizda aholi manfaatlari va ijtimoiy himoyasini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash, jamiyatning hech bir a’zosini mehr va e’tibordan chetda qoldirmaslik, shahar va qishloqlarimizni obod qilish, yer va suv resurslaridan, barcha tabiat ne’matlaridan oqilona foydalanish ustuvor vazifaga aylanmoqda.
Navro‘z ayyomi munosabati bilan boy ma’naviy merosimiz, tariximiz, madaniyatimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni rivojlantirish va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” g‘oyasi asosida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Buxoro viloyati kengashi tashabbusi bilan Buxoro turizm va madaniy meros texnikumida “Xush kelding bahor, xush kelding, Navro‘z!” shiori ostida “Sumalak sayli” tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda partiya viloyat kengashi xodimlari, faollari, mahalliy kengashlardan saylangan deputatlar, boshlang‘ich partiya tashkiloti vakillari, turizm boshqarmasi mas’ullari, viloyatdagi milliy madaniy markazlar, Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi jamoasi, keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar yasharish va yangilanish, mehr-muruvvat, tinchlik va ezgulik ramzi sanalgan Navro‘z ayyomi bilan yig‘ilganlarni samimiy qutlab, ming yillik tarixga ega Navro‘z umumxalq bayrami yurtimizda mustaqilligimiz arafasida qayta tiklangani va ushbu shodiyona kunlar shukuhi, fayzu tarovati yurtimizga qut-baraka, fayz olib kelishini alohida qayd etdi. Umuminsoniy, boqiy qadriyatlarimizning bardavomligini ta’minlashda, boy ma’naviy merosimizning qadr topishida bu kabi tadbirlarning ahamiyati yuqori ekanligi ta’kidlandi.
Sayl davomida tinchlikni, Vatanni va bahorni madh ettiruvchi dilrabo kuy-qo‘shiqlar yangradi. Viloyatdagi milliy madaniy markazlarning bayramona chiqishlari tadbir ishtirokchilariga yanada ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
– Milliy va umuminsoniy qadriyatlarimizni qaror toptirishda o‘ziga xos o‘rin tutuvchi ushbu bebaho bayramimiz partiyamiz dasturida belgilangan “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot” shiorining ustuvorligini ta’minlashda, milliy madaniy qadriyatlar hamda zamonaviy taraqqiyotning uyg‘unligini aks ettirishda o‘ziga xos o‘rin tutadi, – deydi partiyaning viloyat kengashi raisi Rajabboy Hasanov.
– Bu bayram avvalam bor o‘zaro mehr-oqibat, do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash maqsadida nishonlanadi. Har birimizni birlashtiradi va yaxshilikka intilishga ilhomlantiradi, – deydi Buxoro turizm va madaniy meros texnikumi Ma’naviy ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Gulbahor Rahmonova.
– Turk madaniy markazida 25 yildan buyon faoliyat olib boraman, –deydi O‘zbekiston turk milliy madaniy markazi Buxoro viloyati bo‘limi rahbari Juma Shukurov. – Bizning turk millatining bayramlari bilan birgalikda o‘zbek xalqi bayramlari bir xildir. O‘tkazilgan tadbir menga juda ma’qul bo‘ldi. Barchani shodiyona kun bilan qutlayman.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari