Buxoroda 34 ta ta’lim muassasasi foydalanishga topshiriladi
FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyatida yangi o‘quv yilini munosib qarshi olish uchun qizg‘in tayyorgarlik ishlari olib borildi.
Joriy yilda investitsiya dasturi asosida viloyatdagi 20 ta umumta’lim maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internati va 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, jarayonda 1 ta yangi ta’lim muassasasi qurildi, 15 tasi rekonstruksiya qilindi, 5 tasi kapital ta’mirlandi. Shuningdek, qo‘shimcha rayosat yig‘lishi bayoni asosida 4 ta umumta’lim va 1 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. “Islom” taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida 33 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida, 40 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 39 ta umumta’lim maktabi va maktabgacha ta’lim tashkilotlari quvvatini oshirish, mavjud muassasalarni mukammal ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, buning uchun 82,14 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan.
“Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida esa 54 ta umumta’lim maktabi hamda 5 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borildi.
Ushbu loyihalar asosida jami 271 ta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Natijada umumta’lim maktablarida 22 ming 600 o‘quvchi, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 7 ming 900 tarbiyalanuvchi, yangidan barpo etilgan ixtisoslashtirilgan 2 ta maktabda 840 o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
[gallery-25075]
Yangi 2025-2026 o‘quv yili arafasida qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan 34 ta ta’lim muassasasi, ya’ni 8 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 26 ta umumta’lim maktabi foydalanishga topshiriladi. Buning natijasida yangi o‘quv yilida ta’lim muassasalarida 12 ming 320 nafar tarbiyalanuvchi va o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Yaratilayotgan bu kabi zamonaviy sharoitlar yosh avlodning kelajakdagi muvaffaqiyatiga qo‘yilgan mustahkam poydevor, ularning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan katta imkoniyatdir. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, “Ta’lim – taraqqiyot va yuksalishning eng asosiy omilidir.”
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA