
15 mart, shanba kuni Xalqaro islomofobiyaga qarshi kurash kuni nishonlandi. Bu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahrida 51 kishini hayotdan olib ketgan fojia - ikki masjidga uyushtirilgan hujumning ertasiga belgilangan.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu kun munosabati bilan e’lon qilgan nutqida ta’kidlaganidek, islomofobiya ekstremistik mafkura, noqonuniy diniy guruhlar, aholining zaif qatlamiga hujum kabi keng qamrovli muammolarning bir qismidir.
– Jahon hamjamiyati aqidaparastlikni rad etishi va yo‘q qilishi kerak, – deydi jahon tashkiloti rahbari. – Hukumatlar ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashi, diniy erkinlikni himoya qilishi, onlayn platformalar esa nafrat so‘zlari va ta’qiblarga qarshi kurashishi kerak. Barchamiz mutaassiblik, ksenofobiya va kamsitish holatlariga qarshi chiqishimiz zarur. Ko‘pgina hukumatlar nafrat jinoyatiga qarshi qonun qabul qilish, salbiy tushunchalarni yo‘q qilish uchun musulmonlar va islom haqida ommaviy axborot kampaniyalari o‘tkazish orqali islomofobiyaga qarshi kurash choralarini ko‘rmoqda.
So‘nggi chora-tadbirlar qatorida Bosh Assambleya tomonidan tayyorlangan, Bosh kotibdan Islomofobiyaga qarshi kurash bo‘yicha maxsus elchi tayinlash so‘ralgan rezolyutsiya qabul qilingani ham bor.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 15 mart kuni Yangi Zelandiyaning Kraystcherch shahridagi Nur va Linvud masjidlariga 10 daqiqa oralig‘ida qurolli hujum qilingan. Oqibatda 51 kishi halok bo‘lib, 49 kishi yaralangan. Jinoyatchi avstraliyalik Brenton Tarrant edi.
Yangi Zelandiya Bosh vaziri hujumni terror harakati sifatida baholagan.
M. Pirmatova, O‘zA