
Respublika yoshlar forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan muhim ekologik tadbir o‘tkazildi.
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti hamda uning Nukus va Toshkent filiallari rahbariyati, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar Mo‘ynoq tumanida 5 ming tup saksovul ko‘chatini ekdi.
[gallery-22669]
Mazkur tadbir “Yashil makon” loyihasi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi ekologik muhitni yaxshilash, Orolbo‘yi hududida yashil maydonlarni ko‘paytirish va atrof-muhit barqarorligini ta’minlashdir. Saksovul o‘simligi cho‘l hududlari uchun nihoyatda muhim bo‘lib, u tuproq eroziyasining oldini olish, qum va chang bo‘ronlarini kamaytirish hamda ekologik muvozanatni saqlashda katta ahamiyatga ega.
Tadbir davomida oliy ta’lim muassasalari vakillari hamkorlikda ko‘chat ekish jarayonida faol ishtirok etib, atrof-muhitga bo‘lgan e’tibor va mas’uliyatni yanada oshirdi. Bundan tashqari, talaba-yoshlar o‘z bilimlarini amaliyotda sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
“Yashil makon” loyihasi O‘zbekistonda ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi keng qamrovli tashabbuslardan biri bo‘lib, ushbu tadbirning amalga oshirilishi kelajak avlodlar uchun toza va sog‘lom atrof-muhitni yaratishga xizmat qiladi. Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilgan ushbu ijtimoiy-ekologik loyiha esa talaba-yoshlarning atrof-muhitga bo‘lgan mas’uliyatini oshirish bilan birga, ularni jamoaviy ishlarga ham undadi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA