
Qozog‘istonning Ostona shahrida “Top Rank” promouterlik kompaniyasi tomonidan professional boks oqshomi tashkil etildi.
Mazkur kechada mamlakatimizning ikki charm qo‘lqop ustasi — og‘ir vaznli Bahodir Jalolov hamda yarim yengil vazn toifasida Otabek Xolmatov ringga ko‘tarildi. Dastlab, Otabek Xolmatov ringga chiqdi va Filippin vakili Jeyson Kanoy Manigosga qarshi o‘tgan 8 raundlik bellashuvda bokschimiz so‘nggi raundda raqibini nokautga uchratdi.
Boks oqshomining markaziy janglaridan biri bo‘lgan Bahodir Jalolov va ukrainalik Igor Shevazutskiy o‘rtasidagi to‘qnashuv 10 raund etib belgilandi va ushbu raundlar to‘liq o‘tkazildi. Bahsning uchinchi raundida Bahodir raqibini nokdaun holatiga solib qo‘ydi. Shunday bo‘lsada, mahoratli charm qo‘lqop ustamizning aniq va kuchli zarbalariga raqibi bardosh berdi. Yakunda Bahodir Jalolov ochkolar hisobida raqibidan ustun keldi.
Ma’lumot o‘rnida: Bahodir Jalolovning g‘alabalari soni 15 taga yetdi. Avvalgi g‘alabalarning barchasi muddatidan oldin qo‘lga kiritilgan edi. Sportchining hisobida hozircha birorta mag‘lubiyat yoki durang mavjud emas.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA