
O‘zbekiston poytaxtida Parlamentlararo Ittifoq (PI)ning 150-yubiley assambleyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Assambleya doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Federal Milliy kengashining Mudofaa, ichki va tashqi ishlar qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al Nuaymiy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, turli sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar yaqinda amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari, shu jumladan, 2025 yil yanvar oyida imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni hamda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi qadamlarni muhokama qildi.
Shu nuqtai nazardan ikki mamlakat o‘rtasida imzolangan “yo‘l xaritalari” hamda memorandum doirasidagi kelishuv va loyihalar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish taklif etildi.
Tizimli va barqaror ikki mamlakat hamkorligi uchun asos bo‘ladigan tegishli qo‘mitalar va “Do‘stlik guruhlari” faoliyatini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
***
Mo‘g‘uliston Buyuk Davlat Xurali Raisining o‘rinbosari Xurelbaatar Bulgantuya bilan bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida parlamentlararo do‘stlik guruhi ishini faollashtirish va 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish orqali O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda kelgusidagi rejalar, shu jumladan, parlamentlar rahbarlarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish va xalqaro parlament forumlarida ishtirok etish masalalari muhokama qilindi. Bu ikki mamlakatga umumiy manfaatlarini faol ilgari surish imkonini beradi.

***
Belgiya Qirolligi Senati Raisi Vinsent Blondel bilan suhbat chog‘ida parlamentlararo hamkorlikning muhim masalalari va ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tomonlar istiqboldagi rejalar, shu jumladan, “O‘zbekiston-Belgiya” do‘stlik guruhi yig‘ilishini tashkil etish masalalarini ham muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratgan holda parlamentlararo tashkilotlar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA