
Sharq mediasi, xususan Ko‘rfaz arab davlatlari nashrlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 7 aprel kuni Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi doirasida arab davlatlari parlamentlari rahbarlarini qabul qilganini keng yoritdi.
– Uchrashuvda Arab parlamenti Raisi Muhammad bin Ahmad Al-Yamahiy, Bahrayn parlamenti Vakillar kengashi Spikeri Ahmad bin Salmon Al-Musallam, Misr Vakillar palatasi Spikeri Hanafiy Ali Al-Jabaliy, O‘mon Sho‘ro kengashi Raisi Xolid bin Hilol Nosir Al-Ma’avaliy, Qatar Sho‘ro kengashi Raisi Hasan bin Abdulloh Al-G‘anim va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al-Nuaymiy ishtirok etdi, – deb boshlanadi maqola. – Suhbat chog‘ida Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari Ko‘rfaz va O‘zbekiston o‘rtasidagi tarixiy munosabatlar ildizi chuqurligi, sa’y-harakatlarda mushtarak manfaatlar bisyorligini yuqori baholadi.
Nashrlar arab dunyosi bilan ko‘p qirrali munosabatni, jumladan, parlamentlararo aloqalar orqali yanada rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqilganiga urg‘u bergan. O‘zaro munosabatda parlament kengashlari faoliyati muhim o‘rin egallashini ta’kidlangan. Keyingi yillarda keng qamrovli sheriklik jadal rivojlanayotgani, oliy darajada tarixiy tashriflar amalga oshayotgani, o‘zaro muloqot va almashinuv faol davom etayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.
BAA va Qatar bilan munosabat strategik darajaga ko‘tarilgani, Saudiya va Misr bilan keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, Bahrayn Podshohligi va O‘mon Sultonligi bilan har tomonlama sheriklik izchil rivojlanayotganiga e’tibor qaratilgan.
Darvoqe, ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro investitsiya qiymati ayni payt 50 milliard dollardan oshgan, “Yashil” energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, IT, transport va logistika, infratuzilma va turizm sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda, 500 ga yaqin qo‘shma korxona tashkil etilgan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi soni haftasiga 150 martadan oshgan.
Maqolada bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, eng avvalo, joriy yil may oyida Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqoti ikkinchi sammitini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilgani ta’kidlangan.
M.Pirmatova, O‘zA