Prezident tashabbuslari – amalda
O‘n-o‘n besh yil oldin dalaga qishloqning chorvasini haydab chiqqan podachining yaylov bilan bog‘liq muammosi yo‘q edi. Kechagina sabzi-piyoz, pomidor-bodring ekib, mo‘l hosil olayotgan bobodehqon bugungi bebarakalikdan hayron. Ekinning joni suv bilan, qishloq xo‘jaligida ham obi-hayotsiz ishning rivoji bo‘lmaydi. Bog‘iga notanish “dard” oralab, yetilayotgan mevalari sifatsiz bo‘layotgan bog‘bonning holini ko‘ring.
Bog‘dan-tog‘dan misol keltirilgan bu kabi holatlarni qishloq xo‘jaligidagi ayrim muammolar bir-biri bilan bog‘lab turadi.

Hozirgi kunda agrar soha jahon miqyosida ko‘plab murakkab va dolzarb muammolarga duch kelmoqda. Bu muammolar nafaqat oziq-ovqat xavfsizligi, balki iqtisodiy barqarorlik va atrof-muhit muvozanati uchun ham jiddiy tahdid solmoqda. Ayniqsa, global iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yer resurslarining yetishmasligi va aholi sonining o‘sishi kabi omillar agrar sohadagi muammolarni yanada kuchaytirmoqda.
Qishloq xo‘jaligida suv asosiy resurs hisoblanadi. Biroq dunyoda suv manbalari tobora kamayib, samarasiz sug‘orish tizimlari katta yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda.

Ortiqcha ishlov berish, notekis mineral o‘g‘itlash va yerni uzluksiz ekspluatatsiya qilish oqibatida yerning tabiiy hosildorligi pasaymoqda. Ba’zi mamlakatlarda katta maydonlar butunlay yaroqsiz holga kelgan.
Yetishtirilgan mahsulotlarni qayta ishlash, saqlash va bozorga chiqarish jarayonlari yetarli darajada rivojlanmagan davlatlar ham ko‘p. Bu esa mahsulot yo‘qotishlariga va fermerlarning daromadi kamayishiga olib kelyapti.
Ota-bobolarimiz atrofga qarab fikr qilish, bilmaganni so‘rab-surishtirib o‘rganish lozimligi haqida ko‘p gapirishgan. Shunday ekan, dunyodagi bu vaziyatdan xulosa chiqarmoq lozim. Zero, O‘zbekiston shu ona sayyoramizning bir qismi, unda kuzatilayotgan muammolar bizga ham begona emas.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yaqinda qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishganda ham qator masalalarni hal qilish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriq bergan edi. Shuningdek, unda mamlakatimiz agrar sohasi rivojiga xizmat qiluvchi bir qator tashabbuslar ilgari surildi.
Dunyo tajribasida ham xalqaro tashkilotlar orqali mamlakatlar o‘rtasida tajriba almashish, moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega ekanligi o‘z isbotini topmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimiz agrosanoati samaradorlik va bozor munosabatlari jihatidan isloh qilinayotgani e’tiborga molik. Qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalar, fan yutuqlari izchil joriy qilinmoqda.
Bizda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘n to‘rtta ilmiy institut, ellik beshta urug‘chilik xo‘jaligi mavjud. Shunday dargohlar bo‘lgani bilan yangi nav va agrotexnologiya masalasida hal qilinishi kerak bo‘lgan masalalar bor. Dehqonlarimizning mahalliy urug‘dan manfaat ko‘rmagani uchun chet elnikini olib ekayotgani ham sir emas. Zero, yuqori va sifatli hosildorlikning muhim omili urug‘chilik sanaladi. Bu borada qishloq xo‘jaligi akademiyasi ekinlar urug‘i va ko‘chatchiligida katta tajribaga ega Xitoy bilan hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.
Yuqori Chirchiq tumanida shu mamlakat tajribasi asosida urug‘chilik va ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun yetarli sarmoya kiritiladi. Natijada paxta, bug‘doy, sholi, makka, uzum va meva navlari ko‘paytiriladi. Urug‘ olishdan boshlab, uni zamonaviy texnika va dronlar yordamida ekish, dorilash, yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha namunaviy hudud tashkil qilish ko‘zda tutilmoqda.
– Davlatimiz rahbaridan qishloq xo‘jaligida ilm-fan, innovatsiyalarni joriy qilishda xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar olingan, – deydi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Yaqinda mutaxassislarimiz Xitoy, Italiya, Yaponiya kabi mamlakatlarda bo‘lib, ilmiy institutlar, yirik kompaniya va xo‘jaliklar tajribasini o‘rgandi. Natijada yangi, istiqbolli hamkorlik dasturlari ishlab chiqildi. Buning uchun mablag‘lar yo‘naltirish masalalari ham hal qilingan. Malakali kadrlar masalasi sohada ham bor. Bu borada Italiya, Germaniya, Angliya, Yaponiya kabi davlatlarda yaxshi ta’lim tizimi mavjud. Ushbu mamlakatlardagi tajribalarni o‘rganish maqsadida qator oliygohlar bilan hamkorlik qilib kelinadi. Bu tajribalarimiz izchil davom ettiriladi. Xalqaro tajribani o‘rganishda o‘qib, ishlash dasturlari ham qo‘l keladi.
Davlatimiz rahbari mamlakat taraqqiyotiga, xalqimiz turmush-tarzi o‘sishiga xizmat qiladigan tashabbuslarni har domim qo‘llab-quvvatlab keladi. Prezident navbatdagi taqdimotda ham bir qator rejalarni ma’qulladi. Bunday hamkorlikni Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligini ta’kidladi.
Xulosa oddiy, agrar sohadagi muammolarni bartaraf etish uchun tizimli, uzoq muddatli va innovatsion yondashuv talab etiladi. Davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlik bu sohada barqaror rivojlanishga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri