
FOTOREPORTAJ
Erta tongdan Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumanining “Qo‘shtepa” mahallasi qir-adirlari uzra karnay-surnay sadolari yangradi. Chor atrofda tumonat odam, bir qancha o‘tovlar qad rostlagan. Hashamatli ramziy darvoza, baland sahna tomondan kishini o‘ziga chorlovchi bu sadolarga hamohang odamlar «oqimi» shu tomonga yo‘nalgan. Ha, bugun jarqo‘rg‘onliklar, viloyat va qo‘shni tumanlardan kelgan mehmonlar ana shu qir-adirlarda Navro‘z sayliga chiqishgan.
Odamlar gavjum kirayotgan darvozadan o‘ng tomonda dasturxonlar milliy taomlar bilan bezatilgan. Oraliqda ikki-uch joydagi doshqozonlarda sumalaklar qaynaydi, milliy taom - osh pishirilmoqda. To‘rdagi sahnada tuman madaniyat uyi san’atkorlari ijrosida bahor, Vatan, obodlik, tinchlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijrosi. Halim, ko‘k somsa, chuchvara singari milliy taomlar sayil ishtirokchilari ishtahasini «qitiqlaydi».
[gallery-22270]
Azal-azaldan xalqimiz Navro‘zni sayil tarzida nishonlagan. Bu yil tumaning ushbu bayrami qir-adirda o‘tkazilayotgani ko‘ngillarga o‘zgacha shukuh, bahoriy kayfiyat baxsh etmoqda. Ayniqsa, sayil tomoshalari barchaga manzur bo‘layapti. Bir tomonda arqon tortish, milliy o‘yinlarimiz hisoblangan happak, chillak, «Oq terakmi, ko‘k terak?» kabi qadriyatlarimizni ifoda etuvchi o‘yinlar bolalarga manzur bo‘lmoqda. Maydon o‘rtasida dorbozlar o‘yini, rasmlar ko‘rgazmasi, cholg‘u asboblarida kuy-qo‘shiqlar ijro etayotgan yosh san’atkorlar, kelin salomga chog‘langan qizlarjonlarning milliy liboslari ishtirokchilarni befarq qoldirmaydi.
Saylga chiqqan otaxon-u onaxonlar shunday fayzli kunlarga yetkazgani, yurtimizda tinchlik tufayli erishilayotgan islohotlar ortidan xalqimizning ko‘tarinki kayfiyatini ko‘rib, shukrona aytishmoqda.
Navro‘z - yangi kun, yangi niyat va ezgu maqsadlarga chorlov degani. Shu ma’noda Jarqo‘rg‘onda erta tongdan kun botgunga qadar davom etgan Navro‘z sayli kishilar ko‘nglida ertangi kun rejalari ro‘yobi uchun yana bir «hayot daraxti»ni ekdi. Aminmizki, bu daraxt quloch yozib, yurtimizni yashillik, obodlikka burkayveradi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA