Tashabbuskor talaba qizlar forumi
Andijon davlat pedagogika institutida “Qizlar qizlarga qanot!” shiori ostida “Qizlar Fest - 2026” talaba-qizlar tashabbuslari forumi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda talaba qizlar, ularning faolligini oshirish, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, iqtidor va salohiyatlarini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi, Andijon davlat pedagogika instituti, Yoshlar ishlari agentligi hamda Qizlar akademiyasi hamkorligida o‘tkazilgan “Qizlar Fest - 2026” talaba-qizlar tashabbuslari forumi ham ana shu yo‘nalishdagi o‘ziga xos loyihalardan biri bo‘ldi.
Forum talaba-qizlarning bilim va salohiyatini rivojlantirish, ularni yangi g‘oya va tashabbuslarga ruhlantirish, kasbiy rivojlanishiga ko‘maklashish, fidoyi, tashabbuskor va sardor qizlarni rag‘batlantirish hamda turli sohalarda muvaffaqiyat qozongan xotin-qizlar tajribasini yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishni o‘z oldiga asosiy maqsad qilib qo‘ygan.


Forumda ta’lim, ilm-fan, yoshlar bilan ishlash, zamonaviy kasblar va tadbirkorlik yo‘nalishlarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar ishtirok etib, o‘zlarining hayotiy va kasbiy tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Forumda Andijon viloyati “Kelajak markazi” direktori o‘rinbosari Xurshida O‘rinboyeva, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi, yosh olima Kamola Odiljonova, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Muslima Abduqaxxorova, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi Mohinur Uzoqjonova hamda xalqaro darajadagi kosmetolog Munira Rahmonova mehmon sifatida ishtirok etib, forum ishtirokchilariga erishgan yutuqlari, izlanishlari, muvaffaqiyatli faoliyati, berilayotgan imkoniyatlardan qay darajada foydalanayotganligi haqida gapirib berdi, shuningdek, talaba-qizlarni o‘z ustida ishlash, aniq maqsad sari intilish va jamiyatda munosib o‘rin egallashga chaqirdi.

– Yurtimizda bugun ilm olaman, ilmiy ish qilaman va tadbirkorlik bilan shug‘ullanaman, degan qizlar uchun keng imkoniyatlar eshigi ochib berilgan, – deydi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Muslima Abduqaxxorova. – Faqat biz ana shu imkoniyatlardan oqilona foydalana bilishimiz lozim. Buning uchun faol, ko‘p o‘qishimiz, doimiy izlanishimiz kerak bo‘ladi. O‘z oldimizga aniq maqsad qo‘yib, ana shu maqsad yo‘lida qat’iy bo‘lsak, albatta, maqsadlarimizga erishamiz. Ana shu harakatimiz, faoliyatimiz bilan nafaqat jamiyatda munosib o‘rin topamiz, balki yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shamiz.
Samimiy muloqotlar davomida forum mehmonlari talaba qizlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytardi, turli yo‘nalishlardagi tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar berdi.


“Qizlar qizlarga qanot!” shiori ostida tashkil etilgan ushbu forum talaba-qizlarning o‘zaro tajriba almashishi, yangi tashabbuslarni ilgari surishi va turli sohalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan ayollar, qizlar bilan bevosita muloqot qilish maydoniga aylandi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri