Toshkent xalqaro investitsiya forumi: taraqqiyot va hamkorlikning yangi bosqichi
Qadimdan ota-bobolarimiz bordi-keldi va oldi-sotdi bilan bir-birini bilgan, yurt tanigan, hamkorlik va do‘stlik rishtalarini bog‘lagan. Asrlar osha bu tartib-taomillar rivojlandi, o‘sdi. Bugungi global davrga kelib tijoratning shakli-shamoyili taraqqiyot bilan teng odimlab bormoqda. Buning yaqqol misolini poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan beshinchi xalqaro investitsiya forumida ko‘rish mumkin.
Ushbu anjumanning nufuziga, mehmonlar soniga e’tibor bersangiz uning ko‘lami va darajasi juda ulkan ekanini yana bir bor his qilasiz. Jami ishtirokchilar soni 8 mingdan ko‘p. Jumladan, xorijlik mehmonlar uch mingdan ortiqni tashkil qilmoqda.
Shu o‘rinda “mamlakatimizda xalqaro investitsiya forumini o‘tkazishdan asosiy maqsad nima?”, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Texnologiyalar asri hisoblanmish 21 asrda yangilanish, taraqqiyot shunchalik tez sodir bo‘lishi raqobat bozorini ham changini chiqarib yubordiki, sekin harakat qilgan borki uning changida qolmoqda.
So‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston o‘ta murakkab raqobat bozorida o‘z yo‘lini topib, uni kengaytirish, manfaatli sheriklik maydonida tenglik qadami bilan odimlamoqda. Beshinchi bor o‘tayotgan yirik anjuman ana shu o‘ta tirishqoqlik bilan qilinayotgan ishlarning natijasi o‘laroq baholanishi lozim.
Ta’kidlash kerakki, ushbu konferensiyada davlat rahbarlari, bosh vazirlar, moliya vazirlari, xorijlik sarmoyadorlar, xususiy biznes vakillari besh yildan beri doimiy ishtirokchilarga aylanmoqda. Shuning natijasi o‘laroq, o‘lkamizning barcha hududlarida besh yil ichida amalga oshirilayotgan ulkan loyihalar natijalarini kundalik hayotimizda ko‘rib turibmiz.
Shu ma’noda, Toshkent xalqaro investitsiya forumi nafaqat iqtisodiy tadbir, balki mamlakatning ochiqligi, ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini namoyon etadigan muhim maydon hamdir. Yig‘inda imzolanadigan muhim kelishuvlar, o‘tkazilayotgan uchrashuvlar va muzokaralar kelgusi yillarda yangi ish o‘rinlari, zamonaviy korxonalar va ilg‘or texnologiyalar shaklida o‘z samarasini berishi shubhasiz.
Ayniqsa, bugungi kunda investorlar uchun faqat tabiiy resurslar yoki geografik joylashuv emas, balki qonun ustuvorligi, qulay biznes muhiti, infratuzilma va malakali kadrlar ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston ana shu yo‘nalishlarda izchil islohotlarni amalga oshirayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda. Forum doirasida bildirilayotgan qiziqish va takliflar ham buning yaqqol tasdig‘idir.
Eng muhimi, har bir investitsiya loyihasi ortida xalqlar manfaati, aholi farovonligi va hududlarning rivojlanishi kabi ezgu maqsadlar mujassam. Ayniqsa, dunyo iqtisodiyotida kechayotgan murakkab jarayonlar sharoitida mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va manfaatli hamkorlik har qachongidan ham muhim.
Umuman olganda, mazkur nufuzli anjuman respublikamiz iqtisodiy salohiyatini dunyoga kengroq tanitish, yangi sheriklar topish va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda, deyish mumkin. Uning natijalari esa faqat raqamlar va shartnomalarda emas, balki xalqimiz hayotida, yangi imkoniyatlar, zamonaviy ish o‘rinlari va yurtimiz taraqqiyotida o‘z aksini topishi shubhasiz. Zero, investitsiya – bu kelajakka kiritilgan sarmoya, kelajak esa bugungi harakatlarimiz samarasidir.
Abdug‘afur Mamatov,
O‘zA