Koreya tajribasi O‘zbekiston raqamli islohotlariga qanday yordam beradi?
O‘z bilim va salohiyatini rivojlantirish uchun boshqalar tajribasidan foydalangan mutaxassisning mahorati ham, ishdagi natijasi ham ortib boraveradi. Ayniqsa, bugungi kunda raqamlashtirishdagi islohotlardan hech kim ortda qolishni istamasa kerak. Boisi, butun dunyoda sun’iy intellekt kundan-kunga rivojlanib, yangilanib boryapti.
Shu maqsadda Koreya Respublikasida Mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlari salohiyatini rivojlantirish instituti hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda mahalliy hokimiyat organlari xodimlarining salohiyatini oshirish dasturi”da O‘zbekistondagi vazirlik va hokimlik mutaxassislari o‘z bilim va malakalarini oshirmoqda.

Xo‘sh, Koreyada boshlangan raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha malaka oshirish dasturi raqamli islohotlarga qanday yordam beradi?
Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislarining ma’lumot berishicha, mazkur Dastur doirasida ishtirokchilar raqamli hukumat, davlat boshqaruvida innovatsion yondashuvlar, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda Koreyaning ilg‘or tajribalariga bag‘ishlangan o‘quv mashg‘ulotlar va amaliy tashriflarda qatnashadi.

Ushbu tajriba kelgusida davlat xizmatlarini tezlashtirish, AI orqali samaradorlikni oshirish imkonini yaratishi ko‘zda tutilgan.

Koreya Respublikasi granti asosida amalga oshirilayotgan ushbu tashabbus O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, davlat boshqaruvida raqamli transformatsiya bo‘yicha tajriba almashish hamda mutaxassislar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Nigora Rahmonova,
O‘zA