Navoiyda 28 gektar yer maydoni noqonuniy egallangan
Navoiy shahridagi Ma’naviyat va ma’rifat markazida Kadastr agentligi direktorining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Ne’matjon Atamuratov ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.
Unda 2026-yilning yanvar-may oylarida kadastr sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi. Jumladan, hududlarda olib borilayotgan xatlov ishlari, yer nazorati tadbirlari, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, shuningdek, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Ta’kidlanganidek, Kadastr agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 2026-yilning o‘tgan 5 oyi davomida yer va kadastr nazorati bo‘yicha 710 ta holatda 28,8 gektar yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va noqonuniy imorat qurilishiga oid qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
– Ushbu qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallagan shaxslarga yozma ko‘rsatmalar yuborilgan, – deydi agentlikning viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Elbek Eshpo‘latov. – O‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida yer qonunbuzilish holatlarining 519 tasi yoki 10,1 gektari shu joyning o‘zida bartaraf etildi. Shuningdek, 8,9 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish va yerni avvalgi holatiga qaytarish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 83 ta da’vo arizalari kiritildi. Qolgan holatlar yuzasidan jarayonlar davom etmoqda.
Viloyat bo‘yicha 2024-2026-yillarda 165 ta mahallada joylashgan turar, noturar va qurilishi tugallanmagan ob’ektlarda reja-jadvalga asosan xatlovdan o‘tkazish belgilangan. Hozirga qadar 43 ming 484 ta ob’ektda xatlov o‘tkazilgan. Huquqi e’tirof qilingan 2 ming 336 ta turar joy bo‘yicha kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish ishlari olib borilgan.
– Barcha sohalarda bo‘lgani kabi kadastr tizimida ham yangilanishlar izchil davom etmoqda, – deydi N.Atamuratov. – Yangi dasturlar joriy etilishi, sohaning raqamlashtirilishi, qabul qilinayotgan qonun va qarorlar, Prezident farmonlari asosida yaratilayotgan imtiyozlar haqida aholini o‘z vaqtida, sodda va tushunarli tilda xabardor qilishda ommaviy axborot vositalari bilan yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu maqsadda Navoiy viloyati jurnalistlari va OAV vakillari bilan muloqot o‘tkazdik. Unda kadastr tizimida uchrab turgan dolzarb masalalar, fuqarolarni ko‘proq qiziqtirayotgan yo‘nalishlar muhokama qilindi. Zero, kadastr idoralari aholiga xizmat ko‘rsatuvchi tizim hisoblanadi. Demak, bu boradagi eng yaqin hamkorlarimizdan biri ommaviy axborot vositalaridir.

Uchrashuvda ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar tomonidan berilgan savollarga batafsil javob berildi. Shuningdek, kadastr sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, istiqboldagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri