Yevropa orzusi qullikka sababmi?
Buyuk Britaniyaga yetib borishni orzu qilgan yuzlab yosh muhojir Liviyada jinoiy to‘da qo‘liga tushib qoldi. Tekshiruv materialiga ko‘ra, Iroq Kurdistonidan chiqqan 300 dan ko‘p yigit garovga olingan, ularning oilalaridan katta miqdorda tovon puli so‘ralgan.
Muhojirlar Yevropa sari noqonuniy safar uyushtirgan vositachilar orqali Liviyaga yetkazilgan. Keyin qurolli guruh ularni qo‘riqlanadigan ob’ektga joylashtirib, ozodlik evaziga har bir oiladan 5 000 dollar talab qilgan. To‘lov kechikkan holda tahdid yanada kuchaygan.
Garovdan qutulgan ayrim yoshlar boshidan kechirgan voqeani so‘zlab bergan: yuzlab odam juda tor xonada saqlangan, oziq-ovqat taqchil bo‘lgan, necha kunlab quyosh nurini ko‘rish imkoni berilmagan. Ayrimlar tanasidagi jarohat izini ham ko‘rsatgan.
Masalan, 16 yoshli o‘smir yuzlab odam bilan bir xonada olti oy saqlanganini aytgan. Uning aytishicha, mahbuslar navbat bilan o‘tirgan holda uxlashga majbur bo‘lgan.
Tergov jarayonida o‘rganilgan, ayrim oilalarga yuborilgan surat va video lavhalarda garovdagilar tahdid ostida qolgani aks etgan.
Liviya orqali o‘tadigan muhojirlik yo‘nalishi anchadan beri xavfli hudud sifatida tilga olinadi. Mamlakatning ayrim qismlarida markaziy hokimiyat nazorati cheklangani jinoiy tarmoq faoliyati uchun qulay muhit yaratmoqda. Shu bois odam savdosi, tovlamachilik va garovga olish holati tez-tez uchraydi.
Qurbonlarning bir qismi keyinchalik ozod qilingan. Ayrimlar uchun oilalari tovon to‘lagan, boshqalar Iroq hukumati tashkil etgan maxsus reyslar orqali vatanga qaytarilgan. Hozirgacha qancha odam asirdaligi haqida aniq ma’lumot yo‘q.
Mutasaddilar ta’kidlashicha, ushbu voqea Yevropa sari noqonuniy yo‘llar naqadar xavfli ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. Shunga qaramay, mintaqadan ko‘hna qit’a tomon ketishga urinayotganlar soni kamaymayapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA