Armanistonda saylov natijalari ma’lum bo‘lmoqda (+video)
Armanistondagi parlament saylovlarida bosh vazir Nikol Pashinyanning «Fuqaroviy shartnoma» partiyasi yetakchilik qilmoqda, deb xabar berdi VVS nashri.
Ekspertlar bu natija arman jamiyati Qorabog‘ yo‘qotilishini unutgani yoki Pashinyan siyosatini to‘liq qo‘llab-quvvatlayotganini anglatmaydi, deb hisoblaydi. Aksincha, saylovchilarning katta qismi amaldagi bosh vazirga munosib muqobil ko‘rmaganini ko‘rsatadi. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Pashinyan partiyasi ovozlarning 56–70 foizini olgan. Yakuniy natijalar hali e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, Pashinyan o‘z partiyasining g‘alabasini ma’lum qildi va hukumatni mustaqil shakllantirishini aytdi.
So‘nggi yillarda Armaniston iqtisodiyoti barqaror o‘sdi. Biroq bu o‘sishning katta qismi tashqi omillar hisobiga, ya’ni Ukraina urushi ortidan kelgan rossiyaliklar, kapital oqimi va qayta eksport hisobiga ta’minlangani aytiladi.
Muxolifat ham o‘zini urush tarafdori emasligini ta’kidlagan, ammo Pashinyan tarafdorlari tinchlik va modernizatsiya g‘oyasini ko‘proq ishonchli tarzda taqdim eta oldi. Saylov oldidan bir qator muxolifat vakillari va tanqidchilarga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.
Mutaxassislarning fikricha, bu saylovlar ko‘plab siyosatchilar uchun oddiy siyosiy raqobat emas, balki taqdir masalasiga aylangan. Ovoz berishda saylovchilarning qariyb 59 foizi qatnashgan. Bu 2017-yildan buyon qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Janubiy Kavkazda Rossiya ta’siri susayib bormoqda va Armaniston yangi tashqi siyosiy yo‘l izlayapti. Shuning uchun mamlakat bir vaqtning o‘zida Rossiya, G‘arb, Eron va boshqa kuchlar bilan munosabatlarni saqlab qolishga harakat qilmoqda. Pashinyanning navbatdagi g‘alabasi ham aynan shu murakkab geosiyosiy sharoitda mamlakatni boshqarish uchun saylovchilar hozircha undan yaxshiroq variant ko‘rmayotganini namoyon qildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/VIIme2lOGls" title="Armanistonda saylov natijalari ma’lum bo‘lmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video),O‘zA