Prezidentimiz forumda ishtirok etayotgan investorlarni yuqori qo‘shimcha qiymatli yangi sanoat zanjirlarini yaratishga taklif etdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
O‘zbekistonda global investitsiyalar uchun barcha shart-sharoitlar izchil shakllantirilmoqda. Qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilmoqda, bozor institutlari takomillashtirilmoqda, raqobat darajasi va ishlab chiqarish salohiyati ortmoqda.
Prezidentimiz ushbu forumda ishtirok etayotgan investorlarni yuqori qo‘shimcha qiymatli yangi sanoat zanjirlarini yaratishga taklif etdi.
— Kompetensiyalarni, ishlab chiqarish va ishlanmalarni chuqur mahalliylashtirish, shuningdek, zamonaviy injiniring va yangi eksport yo‘nalishlarini rivojlantirish bizning ustuvor vazifamizdir. Bu bugungi kunda sanoat usulida qayta ishlash, agrotexnologiyalar, biokimyo, robototexnika, raqamli yechimlar va sun’iy intellekt kabi yangi iqtisodiyot shakllanayotgan sohalarda ayniqsa muhimdir.
Energetika, aviatsiya, ta’lim, geologiya va boshqa ko‘plab sohalarda davlat-xususiy sheriklik tamoyili shaklida amalga oshirilayotgan loyihalarda biz hamkorlik uchun katta salohiyatni ko‘rmoqdamiz.
Manfaatdor sheriklarimizga nafaqat o‘sib borayotgan ichki bozorimiz, balki qo‘shni mamlakatlar va mintaqalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini ham taklif etamiz, — dedi Prezidentimiz.
O‘zA