Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 50 milliard dollardan ortadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining yalpi yig‘ilishida nutq so‘zlamoqda.
Prezidentimiz O‘zbekiston uchun Rossiya mintaqadagi shunchaki qo‘shni emas, vaqt sinovidan o‘tgan strategik sherik va ittifoqchi ekanini qayd etdi.
Bugungi kunda o‘zaro munosabatlarimiz yangi davrga qadam qo‘ydi. Hamkorlik ko‘p darajali va ko‘p qirrali tus oldi.
Mahsulotlarning oddiy savdo-sotig‘idan murakkab sanoat zanjirlari, texnologik alyanslar, birgalikda loyihalashtirish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qadar bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdik.
So‘nggi 10 yilda o‘zaro mahsulot aylanmasi uch barobardan ko‘proq – 4 milliard dollardan 13 milliard dollarga oshdi. Rossiya bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 50 milliard dollardan ortadi.
Ikki davlat hududlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik izchil kengaymoqda. Amalga oshirilayotgan hududlararo loyihalar hajmi 5 milliard dollarni tashkil etadi, yana 5 milliard dollarlik investitsiyalar paketi tayyorlanmoqda.
O‘zA