OCHIQ MULOQOT: turizm sohasida tadbirkorlar qanday muammolarga duch kelmoqda?
Toshkent shahrida turizm, mehmonxona va umumiy ovqatlanish sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda sohani yanada rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni qiynayotgan muammolarga yechim topish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv tadbirkorlar va mutasaddi idoralar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, sohadagi dolzarb masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etishga qaratilgani yanada ahamiyatli.

Muloqot davomida turizm tarmog‘ining bugungi holati, uning raqobatbardoshligini oshirish va xizmatlar sifatini yaxshilashga oid masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, tadbirkorlar o‘z faoliyati davomida uchrayotgan muammolar, sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar va amaliy tashabbuslarini bildirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, turizm sohasining barqaror rivojlanishi nafaqat sayyohlar oqimini ko‘paytirish, balki yangi ish o‘rinlarini yaratish, xizmatlar eksportini kengaytirish va hududlar iqtisodiy faolligini oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, tarmoqda zamonaviy yondashuvlar va xalqaro tajribani keng joriy etish, xizmatlar sifatini yanada yaxshilash muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Xususan, muloqot chog‘ida turizm va mehmonxona xizmatlari sifatini oshirish hamda xalqaro standartlarni keng joriy etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, jumladan, transport, navigatsiya va turistlarga xizmat ko‘rsatish ob’ektlari imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, turistik xizmatlar eksportini ko‘paytirish va mamlakatning xalqaro turistik jozibadorligini oshirishga qaratilgan takliflarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqish hamda ular yuzasidan amaliy choralar ko‘rish uchun tegishli vazirlik va idoralarga yuborilishi ma’lum qilindi. Bu kabi ochiq muloqotlar turizm sohasidagi mavjud muammolarni hal etish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,O‘zA