Kino olamida ijodiy erkinlik va yangi moliyaviy imkoniyatlar kengaymoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniyat va san’at sohasi xodimlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda.
Shu yilning 1-sentyabridan davlat buyurtmasi asosida kino yaratishda targʻibot va reklama xarajati uchun film budjetining 30 foizigacha mablagʻ ajratiladi, xarid shartnomalarini ekspertizadan oʻtkazish talabi bekor qilinadi. Shuningdek, xorijiy kompaniyalarning Oʻzbekiston hududida kino mahsulot yaratish bilan bogʻliq faoliyati soliqlardan ozod qilinadi.
Davlat buyurtmasi asosida yaratilgan filmlar namoyishidan tushgan mablag‘ning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qo‘shimcha rag‘bat sifatida beriladi.
O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan “Oltin humo” milliy kino taqdimotining nufuzini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida har yili 5 milliard so‘mdan ajratiladi.
Respublika kinematografiya komissiyasi, Milliy va Badiiy kengashlar haligacha eskicha boshqaruv va samarasiz nazorat tizimidan voz kecha olmayotgani qayd etildi. Shu bois, sohada ijodiy erkinlik va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida ushbu komissiya va kengashlar faoliyati butunlay tugatiladi.
Endi kinoning har bir janri va mavzusidan kelib chiqib, o‘sha soha mutaxassislaridan iborat haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil qilinadi.
Bunda O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Bastakorlar uyushmasi tomonidan tavsiya etilgan mutaxassislar ekspert guruhlari tarkibiga kiritiladi. Mutasaddilarga kino sohasida zamonaviy va shaffof tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
O‘zA