Yaxshi xabar
O‘zbekiston merganlari xalqaro musobaqada uchinchi bor oltin medalni qo‘lga kiritdi
Turkiya Respublikasida joriy yilning 10-21-may kunlari VI Xalqaro “Eng ilg‘or merganlar jamoasi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda 13 davlatdan 24 ta jamoa ishtirok etdi.
Mazkur nufuzli bellashuvda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi merganlar jamoasi ham munosib ishtirok etib, yuksak natijalarni qayd etdi.

Musobaqa Turkiyaning Isparta shahridagi “Kommandos” tog‘-o‘quv mashqlar markazida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston, Turkiya, Turkmaniston, Pokiston, Kosovo, Ozarbayjon, Italiya, Gruziya, Bolgariya, Mo‘g‘uliston, Ispaniya, Jazoir kabi davlatlar jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda murakkabligi yuqori bo‘lgan 8 ta shart bo‘yicha bahslarda qatnashdi. Jumladan, harbiy jamoalar “Minora va qayiqdan o‘q otish”, “Jangovar otish”, “Yuqori aniqlikda otish”, “To‘siq ortidan otish”, “Havodagi vertolyotdan otish”, “O‘zini sinash”, “Tunda noma’lum masofalarga o‘q otish” hamda “Syurpriz” shartlari bo‘yicha mahoratini namoyish etdi.
Musobaqa davomida jamoalarning 7 ta shart asosida to‘plagan ballari sarhisob qilinib, eng kuchli o‘nta jamoa final bosqichiga yo‘llanma oldi. Quvonarlisi, hal qiluvchi bahsda o‘zbekistonlik mohir merganlar vazifalarni yuqori aniqlik va tezkorlik bilan bajarib, rekord natijalarni qayd etdi. Murakkab vazifalarni muddatidan oldin ado etgan harbiylarimiz o‘zlarining yuksak professional tayyorgarlikka ega ekanini amalda namoyon qildi.

Qariyb 10 kun davom etgan bellashuvlar yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilaridan iborat jamoa xorijiy davlatlar armiyalari orasida faxrli birinchi o‘rinni egallab, oltin medal bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi ushbu musobaqada beshinchi marotaba ishtirok etmoqda. 2022–2023-yillarda ikkinchi o‘rinni, 2024–2026-yillarda esa ketma-ket birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib kelmoqda.

Bunday nufuzli xalqaro musobaqalarda qatnashish harbiy xizmatchilarimizning jangovar tayyorgarligini yanada oshirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va o‘zaro bilim almashishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zA