Maktab bitiruvchilarining o‘rtacha test natijasi 76,9 ballni tashkil etgan
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat, sport va yoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan eshituvda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi, Madaniyat, Sport vazirliklarining hisobotlari eshitildi.
Mazkur vazirliklar 2025-yil yakuni va 2026-yilning birinchi choragi uchun respublika byudjetidan ajratilgan byudjet mablag‘laridan foydalanish, shuningdek, rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilishi yuzasidan axborot berdi.
Jumladan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborotida keltirilganidek, joriy yil birinchi chorakda davlat byudjetidan vazirlik uchun 2026-yilda byudjet dasturlariga jami 6 309,7 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan. Hisobot davrida ularning 1 047,0 mlrd. so‘mi sarflangan. Shuningdek, vazirlik zimmasiga belgilangan 51 ta maqsadli indikator ko‘rsatkichlarining ijrosi esa o‘rtacha 47,5 foizga bajarilgan.

Bundan tashqari, ta’lim sohasidagi ko‘rsatkichlar ijrosi doirasida oliy ta’lim tashkilotlarining o‘quv va ilmiy jarayonlariga 790 nafar xorijiy professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda yettita qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan.
Shuningdek, respublika bo‘yicha talabalar turar joylari sig‘imi 159,2 ming o‘ringa yetkazilgan. Bu ko‘rsatkich belgilangan rejaga nisbatan 107,5 foizga oshirib bajarilgan.
Eshituvda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining axboroti ham tinglandi. Qayd etildiki, maktab bitiruvchilarining o‘rtacha test natijasi 76,9 ballni tashkil etgan. Prezident maktablari bitiruvchilarining 80,7 foizi A-LEVEL (A-C) hamda 90 foizi IELTS va SAT sertifikatlarida yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.

Tizimda oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 97,3 foizga yetkazilib, reja orttirib bajarilgan. 10 ming 67 ta maktab sport jihozlari va musiqa asboblari bilan ta’minlangan.
Sport vazirligiga sport sohasi xarajatlari uchun joriy yilning birinchi choragida 55 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hisobot davrida belgilangan rejaga nisbatan 100 foizga bajarilgan.
Shuningdek, eshituvda Madaniyat vazirligi tomonidan byudjet mablag‘laridan foydalanish, rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining ijrosi doirasidagi ishlar bo‘yicha ham batafsil axborot berildi.
Xalq vakillari muhokamalar davomida byudjet mablag‘laridan yanada samarali foydalanish, bajarilmagan maqsadli indikatorlarni tahlil qilish va ijrosini ta’minlash borasida qator taklif va tavsiyalar berdi.
M.Komilova, O‘zA