MIB Surxondaryodagi mahallalarda aholi dardini tinglamoqda
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i D.Boboxonov viloyatdagi mahallalarda bo‘lib, aholi muammolarini o‘rganmoqda. Bevosita aholining yashash hududiga borib, murojaatlarini mahallaning o‘zida tinglash muammolarni ortiqcha ovoragarchiliksiz hal etish va xalq bilan yaqin muloqotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Bu safargi sayyor qabul Sho‘rchi va Jarqo‘rg‘on tumanlaridagi mahallalarda o‘tkazildi. Sho‘rchi tumanidagi Do‘stlik mahallasi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda 15 nafar fuqaroning sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari ijrosi bilan bog‘liq murojaatlari eshitildi. Murojaatchilar noqonuniy qurilmalarni buzish, sotib olingan mulkni rasmiylashtirish, aliment qarzdorligini undirish va boshqa masalalarni o‘rtaga tashladi. Har bir murojaat mas’ul xodimlar ishtirokida atroflicha o‘rganilib, ularni qonun doirasida qisqa muddatlarda hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.


Jarqo‘rg‘on tumanidagi Yangi O‘zbekiston mahallasida tashkil etilgan sayyor qabulda 20 nafar fuqaro o‘zlarini qiynayotgan masalalar bo‘yicha murojaat etdi. Jumladan, Sobit To‘rayev murojaati o‘rganilganida soliq organlari unga noqonuniy jarima qo‘llagani va uni sud bekor qilgani ma’lum bo‘ldi. Shu munosabat bilan uning pensiyasidan asossiz undirilgan qariyb 4 million so‘m mablag‘ni zudlik bilan qaytarish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriq berildi. Salima Haydarovaning aliment undirish bilan bog‘liq murojaati MIBning Namangan viloyatiga tegishli ekani aniqlanib, murojaatni tegishli tartibda yuborish chorasi ko‘rildi.


Shu kuni Yangi O‘zbekiston mahallasidagi qabulda uch nafar fuqaroning murojaati joyida o‘z yechimini topdi. Vaqt talab etadigan murojaatlarga aniq muddat belgilanib, ularni hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq berildi.
Ochiq muloqotlarda asosiy murojaatlar aliment masalasiga to‘g‘ri kelgani sababli davlat ijrochilarining mas’uliyatini yanada oshirish, har bir ijro ishini qonun doirasida to‘liq va sifatli ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri