“Arsenal”ni chempion qilgan Arteta tarixiy natija qayd etdi
Futbol bo‘yicha 2026-yilgi jahon chempionatiga sanoqli kunlar qolganda, dunyo futbol jamoatchiligining e’tibori nafaqat mundialga tayyorgarlik jarayonlariga, balki yetakchi milliy chempionatlardagi hal qiluvchi bahslarga ham qaratilmoqda. Ayniqsa, Angliya Premer-ligasining joriy mavsumi so‘nggi turlarga kelib keskin raqobat va dramatik natijalar bilan yodda qolmoqda.
37-tur doirasida chempionlik masalasiga oydinlik kiritgan muhim uchrashuvlardan biri “Bornmut” hamda “Manchester Siti” o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Xosep Gvardiola shogirdlari mehmonda g‘alaba qozona olmay, 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

Uchrashuvning 39-daqiqasida Kroupi mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, qo‘shimcha vaqtning 5-daqiqasida Erling Xoland muvozanatni tikladi. Biroq mazkur gol “shaharliklar”ni chempionlik kurashida saqlab qolish uchun yetarli bo‘lmadi.

Qayd etish joiz, ushbu bellashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov to‘liq harakat qildi. Hamyurtimizning o‘yini bir qator statistik platformalar tomonidan munosib baholandi. Jumladan, “Fotmob” 6,9, “Sofascore” 7,0 hamda “Flashscore” 6,5 ball qo‘ydi.
“Manchester Siti”ning ochko yo‘qotishi esa “Arsenal” uchun tarixiy natijani ta’minladi. Mikel Arteta boshchiligidagi londonliklar Angliya Premer-ligasi 2025/26 yilgi mavsum chempionligini muddatidan avval rasman qo‘lga kiritdi.

Bu “Arsenal” tarixidagi 14-chempionlik sifatida qayd etildi. Jamoa bunga qadar 1930/31, 1932/33, 1933/34, 1934/35, 1937/38, 1947/48, 1952/53, 1970/71, 1988/89, 1990/91, 1997/98, 2001/02 va 2003/04 yilgi mavsumlarda ham mamlakat chempioni bo‘lgan.
Shu tariqa, “Arsenal” Angliyaning eng sovrindor klublari qatoridan joy olishda davom etmoqda. Hozircha bu borada Liverpul hamda Manchester Yunayted 20-martadan chempionlik bilan peshqadamlik qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 37-turda “Arsenal” o‘z maydonida “Bernli”ni 1:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Uchrashuvdagi yagona gol 37-daqiqada Kay Havers tomonidan kiritildi.
Darvoqe, “Arsenal” bosh murabbiyi Mikel Arteta Angliya Premer-ligasi tarixida so‘nggi 20 yil ichida chempionlikni qo‘lga kiritgan eng yosh murabbiy bo‘ldi.
44 yoshli ispaniyalik mutaxassisdan oldin bunday natijaga 2005/06 mavsumida 43 yoshli Joze Mourino erishgan edi. U o‘shanda “Chelsi” bilan Angliya chempioni bo‘lgan.
Shuningdek, Arteta 44 yoshu 54 kunligida APLni yuta olgan eng yosh murabbiylar reytingida uchinchi o‘rinni egalladi. Undan yuqorida faqat ikki marta Joze Mourino joy olgan:
2004/05 mavsum: 42 yoshu 94 kun
2005/06 mavsum: 43 yoshu 93 kun.
Mazkur natijalardan keyin Angliya Premer-ligasi yakunlanishiga bir tur qolganda “Arsenal” 82 ochko bilan birinchi o‘rinni egallagan holda mavsum chempioni bo‘ldi. “Manchester Siti” esa 78 ochko bilan ikkinchi, “Manchester Yunayted” 68 ochko bilan uchinchi o‘rinda qoldi.
Darvoqe, musobaqaning so‘nggi turi 24-may kuni bo‘lib o‘tadi. Undagi natijalar jadvalning kuchli uchligiga ta’sir qilmaydi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA