Tramp va Si Szinpin uchrashuvi neft bozorini tinchlantira oladimi?
Chorshanba kuni jahon bozorida neft narxi biroz pasaydi. Bunga asosiy sabab sifatida sarmoyadorlarning Yaqin Sharqdagi sulh muzokarasidan ijobiy natija kutayotgani hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasida Pekinda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi sammit ko‘rsatilmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar bergan. Savdo davomida “Brent” markali neft fyuchersi 1,1 foiz arzonlab, bir barreli uchun 106,55 dollarni tashkil etgan bo‘lsa, Amerikaning WTI nefti ham shuncha pasayib, 101,02 dollarga tushdi. Fevral oyi oxirida AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy harakati boshlanishi va Tehron tomonidan strategik Hurmuz bo‘g‘ozi yopib qo‘yilishi ortidan neft narxi barqaror tarzda 100 dollardan yuqorida lik ko‘rsatkichni saqlab kelayotgan edi.
Bozor tahlilchilari fikricha, ta’minotdagi uzilish va Yaqin Sharqdagi noaniqlik tufayli neft narxi tushmasa-da, treyderlar keyingi yo‘nalishni belgilashda ehtiyotkor ish tutmoqda. Ayni payt bozor har qanday yangilikka o‘ta ta’sirchanligi keskin tebranish davom etishidan darak bermoqda. Seshanba kuni Donald Tramp Eron bilan nizoni hal qilishda Xitoy ko‘magiga muhtoj emasligini ta’kidlagan esa-da, Xitoy hamon Eron neftining eng yirik xaridori bo‘lib qolmoqda. Shu bois payshanba va juma kunlari bo‘lib o‘tadigan ikki davlat rahbari uchrashuvi ko‘pchilikning diqqat markazida turibdi.
Xullas, Yaqin Sharqdagi urush holati dunyoning eng yirik iqtisodiyoti hisoblangan AQSHga ham ta’sir o‘tkazmoqda. Qimmat neft yonilg‘i narxini oshirib, inflyatsiyani so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga olib chiqdi. Bu vaziyat Federal zaxira tizimini foiz stavkasini uzoq vaqt davomida baland ushlab turishga majbur qilishi mumkin. Bu o‘z navbatida qarzni ko‘paytiradi va neftga talabni susaytiradi. Tahlilchilar fikricha, ta’minotdagi yo‘qotish ko‘lami allaqachon 1 milliard barreldan oshgan va ayni omil yil davomida neft narxi 80 dollardan tushmasligiga asos bo‘ladi. Qolaversa, AQSHdagi neft va distillyat zaxirasi ketma-ket to‘rtinchi hafta kamaydi. Demak, ta’minot tizimidagi tanglik hamon davom etyapti.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA