Shvetsiya “yashil energiya” yetakchisiga aylangan, biroq...
Yevropada eng “toza” elektr energiyasi ishlab chiqarayotgan davlatlardan biri hisoblangan Shvetsiya kutilmagan muammoga duch kelgan. Mamlakat elektr energiyasining 99 foizini kam uglerodli manbalardan olayotganiga qaramay, shamol energetikasiga qarshi noxolis axborot keskin ko‘paygan.
"Wind Europe" va "CASM Technology" tadqiqotiga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqda shamol energetikasiga qarshi 42 000 dan ortiq shunday ma’lumot tarqatilgan. Tahlilchilar bu manbaning salmoqli qismi ataylab uyushtirilgan yolg‘on yoki chalg‘ituvchi ma’lumotdan iboratligini ta’kidlamoqda. Eng ko‘p material aynan Shvetsiyada tarqalgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, asosiy e’tibor shamol turbinasini “iqtisodiy samarasiz”, “tabiat uchun xavfli” yoki “siyosiy elita loyihasi” sifatida ko‘rsatishga qaratilgan. Hatto, ayrim axborotlarda shamol energetikasi elektr uzilishi va qishloq xo‘jaligi inqiroziga sabab bo‘lishi, sog‘liqqa zarar yetkazishi ta’kidlangan.
Tadqiqot mualliflari fikricha, bunday axborot xurujlari faqat energetika sohasiga emas, balki Yevropa xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. Zero, qayta tiklanuvchi energiya loyihalari amalga oshishi kechikishi Yevropa davlatlarining tashqi energiya manbalariga qaramligini kuchaytirishi mumkin. Ekspertlar noxolis axborot endi faqat onlayn muhokama emas, balki siyosiy qarorlar va kundalik turmushdagi qarshilik harakatiga ham ta’sir ko‘rsatayotganidan xavotir bildirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA