AQSH Hurmuz orqali yuk tashishni ta’minlash uchun koalitsiya tuzishni taklif qildi
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining boshqa davlatlar Hurmuz bo‘g‘ozida yuk tashishni tiklaydigan yangi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilishi to‘g‘risidagi chaqirig‘i yangradi. Bu haqda "The Wall Street Journal" nashri xabar tarqatgan.
"Dengizda erkinlik yaratish" nomli bu tashabbus muhim suv yo‘li orqali kemalar erkin o‘tishini tiklash maqsadida axborot almashish, diplomatiyani muvofiqlashtirish va sanksiyaga amal qilishni nazarda tutadi.
Ayni payt AQSHning turli elchixonalariga maktub yuborilib, diplomatlarga xorijiy davlatlarni koalitsiya doirasida "diplomatik yoki harbiy sherik" sifatida ish yuritishga ishontirish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
"Sizning ishtirokingiz hududda harakat erkinligini tiklash va global iqtisodiyotni himoya qilishga xizmat qiladigan jamoaviy qobiliyatimizni mustahkamlaydi", deyilgan hujjatda.
Ta’kidlanishicha, Davlat departamenti va Markaziy qo‘mondonlik hamkorligida tuziladigan guruh shu yo‘ldagi avvalgi sa’y-harakatning davomidir.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga qarshi harbiy kampaniyasi boshlanib, keyinchalik Tehron tomonidan qamal qilingan Hurmuz bo‘g‘ozida ayni payt yuk tashish deyarli to‘xtagan.
G.Sattorova, O‘zA