AQSH pasportlarida Donald Tramp tasviri aks etadi (+video)
AQSHda mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan prezident Donald Tramp portreti tushirilgan maxsus pasportlar turkumi chiqariladi. Bu pasportlar asosan Vashington shahrida beriladi. Qancha miqdorda chiqarilishi hozircha ma’lum emas, deb xabar berdi DW nashri.
AQSH Davlat departamentining ma’lum qilishicha, ushbu maxsus dizayndagi pasportlar poytaxt Vashingtondagi pasport agentligi tomonidan standart tarzda beriladi. Agar fuqarolar pasportni onlayn yoki boshqa shahar bo‘limlari orqali olsa, ularga odatiy dizayndagi hujjat taqdim etiladi.
E’lon qilingan namunaga ko‘ra, pasport muqovasining ichki old qismida Trampning portreti va oltin harflar bilan yozilgan imzosi joylashtiriladi. Orqa muqovada esa amerikalik rassom Jon Trambullning “Mustaqillik deklaratsiyasi” asaridan parcha tasvirlanadi. Bu kabi pasportlar qancha chiqarilishi hozircha aniq emas.
Oddiy dizaynda esa pasport muqovasining ichki qismida boshqa amerikalik rassom Edvard Persi Moranasari joylashtirilgan. Unda AQSH davlat madhiyasi matni muallifi Frensis Skott Ki tasvirlangan.
Bundan tashqari AQSH mustaqilligining 250 yilligiga bag‘ishlab chiqariladigan 100 dollarlik banknotalarda ham Tramp imzosi joylashtiriladi. Shu bilan, oxirgi 165 yilichida birinchi marta xazinachi imzosi o‘rniga prezident imzosi qo‘yiladi.
Shuningdek, AQSH Go‘zal san’atlar komissiyasi mustaqillikning 250 yilligi munosabati bilan 24 karatli oltin tanga chiqarishni ma’qullagan. Unda Tramp stol ortida mushtlarini qisgan holda tasvirlanadi va “Ozodlik” degan yozuv bo‘ladi.
2025-yil oktabrida Tramp ma’muriyati ushbu komissiyaning barcha a’zolarini ishdan bo‘shatib, ular o‘rniga prezidentga sodiq shaxslarni tayinlagan edi.
Avvalroq Davlat departamenti AQSH Tinchlik institutiga Tramp nomini berdi. Vashingtondagi Jon Kennedi nomidagi ijro san’ati memorial markazi esa Donald Tramp va Jon Kennedi nomidagi markaz deb qayta nomlangan. Shuningdek, Oq uy rahbari AQSH harbiy-dengiz kuchlari uchun “Tramp” sinfiga mansub yangi ikkita harbiy kema qurish rejalarini ham e’lon qilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/M_hHewErj_Q" title="AQSH pasportlarida Donald Tramp tasviri aks etadi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Iskandar Ismatov, O‘zA