Chiroqchilik fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi
Kommunal to‘lovlar, ularni tizimli va o‘z vaqtida to‘lash madaniyati, texnik xatoliklar tufayli yuzaga kelayotgan noqonuniy yoki noreal qarzdorliklar hamda ularni bartaraf etish bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ommaviy axborot vositalarida qator maqolalar e’lon qilinmoqda.
Mana shunday murojaatlardan biri Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi fuqaro S.T. bilan bog‘liq bo‘ldi. Uning aytishicha, uyda hech kim yo‘q paytda elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari kelib, xonadonga onlayn hisoblagich o‘rnatib ketgan. Oradan bir necha oy o‘tgach, fuqaro elektr tarmoqlari korxonasiga borib surishtirganida, uning nomiga 20 million so‘m qarzdorlik hisoblangani ma’lum bo‘lgan.
Iste’molchi mazkur holat sababini so‘rab murojaat qilganida, mas’ul xodimlar tomonidan murojaatiga yetarlicha e’tibor qaratilmagan.
Shundan so‘ng fuqaro amaliy yordam so‘rab O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatining Chiroqchi tumani bo‘limi mutaxassislariga murojaat qilgan. Mutasaddilar tomonidan masala atroflicha o‘rganilib, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda fuqaro nomidagi 20 million so‘mlik noreal qarzdorlik bekor qilindi.
Bu kabi amaliy ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, davlat va jamoatchilik o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda eng muhimi, iste’molchilar huquqlarini amalda ta’minlashdan iborat.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri