Prezidentimiz Farg‘onaning sanoat va investitsiya salohiyati bilan tanishdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifining ikkinchi kuni Farg‘ona shahridagi Investorlarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan tanishdi.
Fargʻona shahrida tashkil etilgan “Fargʻona ekspo” xalqaro koʻrgazmalar markazi faoliyati viloyatning iqtisodiy salohiyatini keng namoyish etish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, eksportni ragʻbatlantirish va investorlar uchun qulay servis muhitini yaratishga qaratilgan.

Markaz nafaqat koʻrgazma maydoni, balki tadbirkorlar va investorlar uchun yaxlit muloqot maydonchasi vazifasini oʻtamoqda.
Besh gektar maydonni egallagan majmuada 200 dan ortiq ishlab chiqaruvchi korxonalar mahsulotlarini namoyish etish imkoniyati yaratilgan.

Yangi barpo etilgan 8 qavatli binoning dastlabki ikki qavati savdo, investitsiya va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlovchi tashkilotlar uchun ajratilgan. Yuqori qavatlar esa investorlar va biznes vakillari uchun ofis sifatida taqdim etiladi.
Markazda yil davomida 15 ta tarmoq yoʻnalishi boʻyicha doimiy koʻrgazma-yarmarka faoliyat yuritadi. Bu yerda davlat idoralari, ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va investorlar bir maydonda uchrashib, amaliy hamkorlikni yoʻlga qoʻyish imkoniga ega boʻladi.

Fargʻona tajribasining samaradorligini inobatga olgan holda, bunday zamonaviy koʻrgazma zallarini Toshkent shahri, Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida ham barpo etish rejalashtirilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga Fargʻona shahrida investor va tadbirkorlar uchun joriy etilgan “Yagona milliy loyiha boshqaruvi axborot tizimi” platformalari haqida maʼlumot berildi.

Taʼkidlanganidek, invest.gov.uz va pmi.miit.uz platformalari mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni yagona raqamli maydonda birlashtirib, investitsiya loyihalarini shakllantirish, amalga oshirish va monitoring qilish jarayonlarini ochiq va shaffof tashkil etishga xizmat qilmoqda.
Yagona investitsiya platformasi “yagona darcha” tamoyili asosida ishlaydi. U orqali investor hududlarning salohiyatidan kelib chiqib, tayyor investitsiya loyihalari bilan tanishadi, oʻziga maqbul yoʻnalishni tanlaydi va shaxsiy kabinet orqali zarur jarayonlarni kuzatib boradi.

Investor loyiha boʻyicha ishlarni mustaqil yuritishi yoki vakolatli konsultant xizmatidan foydalanishi mumkin. Yuborilgan soʻrovlar Investitsiya vazirligi hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan integratsiyalashgan platformada aks etadi. Har bir bosqich boʻyicha muddatlar avtomatik belgilanadi, ijro masʼul menejer tomonidan nazorat qilinadi.
Kechikish yoki muammoli holatlar yuzaga kelganda, masala Hukumat komissiyasi muhokamasiga kiritilib, tezkor qaror qabul qilinadi. Bunday raqamli yechimlar tadbirkorlar uchun qulaylik yaratib, investitsiya muhitiga boʻlgan ishonchni mustahkamlamoqda.

Fargʻona viloyatida investorlar va konsalting tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlik ham samarali yoʻlga qoʻyilgan. Bu yangi loyihalarni shakllantirish, ularni moliyaviy va tashkiliy jihatdan puxta tayyorlashda muhim oʻrin tutmoqda.
Prezidentga viloyat uchun taklif etilayotgan qator yirik investitsiya loyihalari taqdim qilindi. Jumladan, Xitoy bilan hamkorlikda “Yevrosiyo xalqaro savdo markazi”ni barpo etish, Janubiy Koreya bilan biopellet ishlab chiqarish va issiqlik energiyasi stansiyasini tashkil etish, Turkiya bilan zamonaviy tibbiyot klasterini shakllantirish rejalari koʻrib chiqildi.

Shuningdek, Fransiya, Ispaniya, Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar bilan hamkorlikda aholini sifatli ichimlik suvi bilan taʼminlashga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyiha taqdim etildi.
Viloyatda 5 yulduzli mehmonxona va zamonaviy kongress-xoll qurish, Quvasoy shahrida yangi formatdagi istirohat bogʻini tashkil etish, elektromobillar uchun akkumulyator ishlab chiqarish kabi istiqbolli tashabbuslar ham koʻrib chiqildi.

Davlatimiz rahbari markazda Fargʻona viloyatining sanoat va xizmat koʻrsatish salohiyatiga oid koʻrgazmalar bilan tanishdi. Hunarmandchilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, mashinasozlik, toʻqimachilik, charm-poyafzal va zargarlik sohalarida ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etildi.
Ikkinchi yirik zalda oziq-ovqat sanoati, ekologik transport, neft-gaz tarmogʻi, mebelsozlik, farmatsevtika va kimyo sanoatiga oid mahsulotlar taqdimoti tashkil etildi. Bu koʻrgazmalar hududda ishlab chiqarish tarmoqlari keng qamrovda rivojlanayotganini namoyon qildi.
Shu yerning oʻzida davlatimiz rahbari xorijiy tadbirkorlar bilan muloqot qildi. Investitsiya loyihalarini jadallashtirish, mavjud muammolarni bartaraf etish va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, oltinni qayta ishlash fabrikasi faoliyatini kengaytirish, zamonaviy kabel ishlab chiqarish korxonasini barpo etish bilan bogʻliq tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratildi.
Prezident tadbirkorlarni qiynayotgan masalalarni tinglab, ularni hal etish boʻyicha mutasaddilarga aniq topshiriqlar berdi. Barcha loyihalarni amalga oshirishda tezkorlik, samaradorlik va ochiqlikni taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.