Bilyard: Samarqandda o‘tgan jahon chempionatida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi
Samarqand shahrida ilk bor bilyard sport turining dinamik piramida yo‘nalishi bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlari aniqlandi.
Qadimiy va hamisha navqiron shaharning “Silk Road Samarkand” xalqaro turistik markazida o‘tkazilgan murosasiz bahslarda 10 dan ziyod davlatning 150 nafar atrofidagi mahoratli bilyardchilari kuch sinashdi.

Kecha chempionatning so‘nggi kunida o‘tgan yarim finalning birinchi juftligida rossiyalik Iosif Abramov qirg‘izistonlik Kalibek uulu Arsenni, ikkinchi juftlikda ishtirok etgan hamyurtimiz Nurbek Salomov rossiyalik Nikita Volodinga imkoniyatni boy berdi.
Chempionatda 3-o‘rinlar o‘zbekistonlik N. Salomov va qirg‘izistonlik Kalibek uulu Arsenga nasib etgan bo‘lsa, finalda Nikita Volodinni 9:6 hisobida mag‘lub etgan Iosif Abramov jahon chempionligini qo‘lga kiritdi.
Musobaqaning ayollar yo‘nalishida esa g‘oliblik shohsupasiga belaruslik Yekaterina Perepechayeva – Chernuxo ko‘tarildi. 2 va 3-o‘rinlar rossiyalik bilyardchi qizlarga tegishli bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA