Yosh dzyudochilarimiz Berlinda Yevropa va Osiyo jamoalarini ortda qoldirdi
Dzyudochi yoshlarimiz “Berlin Millennium Team Cadet European Cup 2026” xalqaro turnirida 11 ta medalga egalik qilgan holda umumjamoada 1-o‘rinni egalladi.
Germaniyaning Berlin shahrida o‘smirlar o‘rtasida 35 ta davlatning 800 nafarga yaqin dzyudochilari ishtirokida o‘tkazilgan xalqaro turnirda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari muvaffaqiyatga erishdi.

Yevropa kubogi maqomidagi xalqaro turnirning ilk kunida o‘smir dzyudochilarimizning 10 nafari bahslarga kirishgan bo‘lsa, 8 nafari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Nufuzli musobaqaning ikkinchi kungi musobaqalarida 7 nafar yosh dzyudochimiz g‘oliblik uchun kurash olib bordi. Hal qiluvchi bellashuvlarda ularning 2 nafari oltin, 1 nafari bronza medaliga ega chiqdi.

Xalqaro turnir yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 ta oltin, 2 ta kumush, 5 ta bronza medali bilan umumjamoada yetakchilikka erishdi. 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan Fransiya terma jamoasi 3 ta oltin, 3 ta bronza medaliga egalik qilgan bo‘lsa, 2 ta oltin, 5 ta kumush, 6 ta bronza medali jamg‘argan ozarbayjonlik yosh dzyudochilar kuchli uchlikka yakun yasadi.
Murosasiz bellashuvlarda iqtidorli dzyudochi yoshlarimizdan Abubakr Sattorov, Samandar Sunnatov, Charos Hikmatova, Zuhra Alimova oltin, Ahrorbek Davlatov, Ma’murjon Abduvahobov kumush, Akromjon Karimov, Bobur Yusupov, Behruzbek Usmonov, Dilafruz Boltaboyeva, Iroda Sirojiddinova bronza medallariga sazovor bo‘ldi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA