Mehnat yarmarkasi – yangi imkoniyat
Navoiy shahar Kasbiy ko‘nikmalar markazida aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikni qisqartirishga qaratilgan muhim tadbir – bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda probatsiya nazoratidagi fuqarolar, ishsiz aliment to‘lovchilar, yoshlar hamda viloyat hokimi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ish bering” telegram guruhi orqali murojaat qilgan ishsiz fuqarolar ishtirok etdi.

Yarmarkada jami 56 ta korxona va tashkilot qatnashdi. Ularning 44 tasi byudjet tashkilotlari, 12 tasi esa yirik xususiy korxonalar bo‘lib, ish qidirayotgan, o‘z mutaxassisligi va qiziqishlariga mos ish topish istagida kelgan fuqarolarga 428 ta bo‘sh ish o‘rni taklif qilindi.

Tadbirda 230 nafarga yaqin ishsiz fuqaro qatnashib, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qildi. Bu esa ish izlovchilarga o‘zlarini namoyon qilish va ishga joylashish imkoniyatlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mehnat yarmarkasi yakuniga ko‘ra, 18 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma, 12 nafar fuqaroga esa imtiyozli kredit olish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, 4 nafar ishtirokchiga kasb-hunar o‘rganish uchun vaucherlar taqdim etildi.

Albatta, bu kabi mehnat yarmarkalari aholi bandligini ta’minlash, ishsizlik darajasini pasaytirish va fuqarolarning barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishlarida muhim o‘rin tutadi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri