Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati ko‘rib chiqildi
Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini atroflicha muhokama qilmoqda.
Majlisda Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari M.Abdullayev ma’ruza qilib, hisobot yilida amalga oshirilgan ishlar va nazorat tadbirlari natijalari haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, hisobot yilida Hisob palatasi tomonidan jami 155 ta nazorat tadbiri o‘tkazilib, ularning salmog‘i 2024-yilga nisbatan qariyb 20 foizga oshgan. Audit tadbirlari davomida bir qator moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan. Ko‘rilgan choralar natijasida 2 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ byudjetga qaytarilgan. Xavf-xatarni oldindan (preventiv) nazorat qilish orqali 8,1 trillion so‘mlik asossiz xarajatlarning oldi olingan.

Hisobot davrida davlat mablag‘larining maqsadli sarflanishi, ijtimoiy sohani rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan byudjet mablag‘lari samaradorligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilgan. 2025-yilda davlat byudjetidan ta’lim va tibbiyot sohalariga ajratilgan mablag‘lar hajmi 2024-yilga nisbatan 1,2 barobarga, 2023-yilga nisbatan 1,4 barobar oshgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, davlat xaridlari sohasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi. Qayd etilganidek, 2025-yilda 2 millionta davlat xaridlari bo‘yicha shartnomalar imzolangan. Bu borada aniqlangan kamchilik va xatolarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan.

Hisob palatasi faoliyatida an’anaviy nazoratdan tizimli tahlil va preventiv mexanizmlarga o‘tish jarayonlari sezilarli darajada jadallashgan. Davlat auditining raqamlashtirilishi natijasida byudjet mablag‘lari tejalgani, byudjetlashtirish jarayonida Hisob palatasi ishtiroki kengaygani hamda strategik rejalashtirish usullari joriy etilgani ijobiy baholandi. Bu sa’y-harakatlar Palataning nafaqat “ijrodan keyingi” nazorat, balki “rejalashtirish bosqichidagi” mas’uliyatini oshiradi, deya ta’kidlandi.
Ta’kidlanganidek, Hisob palatasi faoliyatida raqamli texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Xususan, “Masofaviy audit” tizimi 75 ta idoraning 259 ta ma’lumotlar bazasi bilan integratsiya qilingan. Davlat xaridlari sohasida sun’iy intellekt modullari yordamida 83,3 milliard so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlikka oid qonunbuzilish holatlari bartaraf etilgan.
Muhtarama Komilova,
O‘zA