Senator aholi muammolarini o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilinayotgan qonun va normativ-huquqiy hujjatlarning samarali ijrosi, eng, avvalo, joylardagi haqiqiy holatni chuqur o‘rganish va aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishga bog‘liq.
Shu maqsadda Oliy Majlis Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Oral Ataniyazovaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumaniga tashrifi hududda davlat siyosati ijrosini ta’minlash, mavjud muammolarni aniqlash va ularga aniq yechimlar ishlab chiqishga qaratildi.
Senator “Madaniyat” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv jarayonida aholining dolzarb muammolari, taklif va mulohazalari tinglanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli tashkilotlar rahbarlariga aniq topshiriq berildi. Ayniqsa, yaqinda yuz bergan kuchli shamol oqibatida jabr ko‘rgan xonadonlarga amaliy yordam ko‘rsatish mexanizmlarini ishlab chiqish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi.

Shuningdek, tuman hokimi va mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan o‘tkazilgan ishchi muloqotda hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, infratuzilmani yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy xizmatlar sifatini oshirishga doir masalalar kompleks tahlil qilindi.
Senatorning navbatdagi manzili tumandagi 21-sonli umumta’lim maktabi bo‘lib, u yerda ta’lim tizimidagi dolzarb masalalar bo‘yicha davra suhbati tashkil etildi. Pedagoglar va ta’lim muassasasi rahbariyati bilan muloqot chog‘ida yosh avlod, ayniqsa, qizlarning reproduktiv salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ma’naviy-ma’rifiy tarbiyani kuchaytirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
Shu bilan birga, maktablarda autsorsing asosida yetkazib berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining amaldagi qonunchilik talablariga muvofiqligi o‘rganildi. Olib borilgan tahlillar natijasida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun taqdim etilayotgan oziq-ovqat ta’minoti tasdiqlangan taomnoma talablariga to‘liq javob bermayotgani aniqlandi.

Uchrashuvlarda, shuningdek, o‘quvchi yoshlar va ularning ota-onalari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ekologik madaniyat va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, to‘g‘ri ovqatlanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha tizimli targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan takliflar ilgari surildi.
Maktab jamoasi tomonidan ilgari surilgan futbol maydonchasi qurish tashabbusi ham keng jamoatchilik manfaatiga mos ekani qayd etildi. Zero, 550 nafarga yaqin o‘quvchi tahsil olayotgan mazkur ta’lim muassasasida sport infratuzilmasini rivojlantirish nafaqat yoshlar, balki mahalladagi katta yoshdagi aholi uchun ham sog‘lom dam olish va jismoniy faollikni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Yakunda senator Oral Ataniyazova barcha ko‘tarilgan masalalar shaxsiy nazoratiga olinishini ma’lum qilib, futbol maydonchasini barpo etish loyihasini grant asosida moliyalashtirish uchun Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondiga taqdim etish yuzasidan huquqiy maslahat berdi.
Ushbu tashrif davlat va jamiyat o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash, aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va ularga samarali yechimlar topish, shuningdek, islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA