«Kelajak merosi» xalqaro mukofoti – tinchlik, hamjihatlik, farovonlik sari yana bir qadam
Ilm-fan, ilg‘or texnologiyalar, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi yutuqlar mamlakat taraqqiyotida alohida o‘rin egallaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-noyabrdagi «Kelajak merosi» xalqaro mukofotini ta’sis etish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra ta’sis etilgan “Kelajak merosi” mukofoti 2025-yilning noyabrida o‘zining ilk sohiblariga topshirildi.
Mazkur mukofotni ta’sis etishdan ko‘zlangan asosiy maqsad madaniyat, san’at, adabiyot, ilm-fan va ta’lim sohalarida yuksak natijalarga erishgan, milliy va umumbashariy qadriyatlar rivojiga hissa qo‘shayotgan mahalliy va xorijiy ijodkorlarni rag‘batlantirishdan iborat.
Tanlov 2025-yildan boshlab har yili 7 ta yo‘nalishda – adabiyot, madaniy meros, teatr va kino, musiqa va raqs, tasviriy va amaliy san’at, moda va dizayn, ilm-fan va ta’lim bo‘yicha o‘tkaziladi.
«Kelajak merosi» xalqaro mukofoti kengashi tuzilgan va uning ishchi organi sifatida Madaniyat vazirligi belgilangan. Tashqi ishlar vazirligiga mukofotni xorijda keng targ‘ib qilish va chet ellik ishtirokchilarning kelishini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.
Aytish kerakki, ushbu mukofot madaniyat, san’at, adabiyot, ilm-fan va ta’lim sohalarida yuksak natijalarga erishgan hamda milliy va umumbashariy qadriyatlar rivojiga hissa qo‘shgan O‘zbekiston fuqarolari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va xorijiy mamlakatlar vakillariga (ijodkorlar, olimlar va ziyolilarga) beriladi.
2025-yilning 15-noyabr kuni Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasida Prezidentlarning Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida tashkil etilgan tantanali marosimda mazkur mukofot o‘z egalariga topshirilgani e’tiborga molik.
Ushbu mukofotga ilk bor atoqli adib va publitsist, ustoz ijodkor Sulton Rayev (Qirg‘iziston) - «Adabiyot» yo‘nalishida, taniqli shoir, jurnalist va davlat arbobi Davlat Safarzoda (Tojikiston) - «Madaniyat» yo‘nalishida, qozog‘istonlik teatr va kino aktyori, Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan arbob Yerkebulan Dayirov - «Teatr va kino» yo‘nalishida, dunyoga mashhur ozarbayjonlik xonanda, mug‘om san’ati ustasi (xonanda) va Ozarbayjon xalq artisti Alim Gasimov - «Musiqa va raqs» yo‘nalishida, turkmanistonlik taniqli haykaltarosh, Turkmaniston xalq rassomi va Turkmaniston davlat badiiy akademiyasining faxriy akademigi Babasari Annamiradov — «Tasviriy va amaliy san’at» yo‘nalishida mukofotga sazovor bo‘ldi.
Diqqatga sazovor jihati, jahon miqyosida tanilgan o‘zbekistonlik atoqli olima, “Shuhrat” medali sohibi, mikrobiolog, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori va professor Dilfuza Egamberdiyeva ham “Kelajak merosi” mukofotiga - «Fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar» yo‘nalishida munosib topilgan.
Dilfuza Egamberdiyeva – Butunjahon Fanlar akademiyasi (TWAS) a’zosi, Islom dunyosi fanlar akademiyasi (IAS) a’zosi, YUNESKO mukofoti sohibi ham. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazi direktorining ilmiy ishlar va strategik tahlil bo‘yicha birinchi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Milliy universiteti qoshidagi O‘zbekiston-Xitoy qo‘shma laboratoriyasi rahbari sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Prezidentimiz g‘oyasi asosida “Kelajak merosi” mukofotining ta’sis etilgani ilm-fan va ijtimoiy sohalarni ravnaq toptirish orqali davlatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, ahillik va hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkamlash, olimlarning, umuman ijodkor ziyolilarning xalqaro hamkorligi uchun imkoniyatlar eshigini kengroq ochish, bashariyat taraqqiyotiga hissa qo‘shayotgan fidoyi ziyolilarni qo‘llab-quvatlashdek ezgu maqsadlarga qaratilgani bilan diqqatga sazovor.
Nazokat Usmonova, O‘zA