Bitiruvchiga “O‘zmilliybank”dan imtiyozli kredit (+video)
Garchi mutaxassislik bo‘yicha oliy ma’lumot haqida diplom hamda kasbning nazariy asoslari bo‘lsada, ish boshlashdagi birinchi qadam hamisha murakkab kechadi. Uni yengillatish, shahdam qadam tashlab yuksak marralar sari yo‘lga chiqish uchun O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan bitiruvchi yoshlarga qulayliklar yaratildi.
“Kelajakka qadam” loyihasi ishlab chiqilib, unga “O‘zmilliybank” AJ mas’ul etib tanlandi. Bugun Farg‘ona davlat texnika universitetida mazkur bank vakillari bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdilar. Dastlab “O‘zmilliybank” AJning “Kelajakka qadam” markazi rahbari Azimjon Ilhomov va “O‘zmilliybank” AJning Farg‘ona viloyat filiali boshlig‘i Zohidjon Madaminov o‘z ishini ochmoqchi bo‘lgan yoshlarga loyiha, imtiyozlar va uni amalga oshirish yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berishdi.



Unga ko‘ra “Tadbirkorlikka ilk qadam”, “Biznes start”, “Biznes progress”, “Mening birinchi kasbim” kabi dasturlar sharti hamda qulayliklari tushuntirildi. Shundan so‘ng bitiruvchi talabalar bank mutaxassislarini savolga tutdilar. Kredit sharoiti, garovi, shaxsning kredit olish tarixi, imtiyozlar bir-bir tahlil qilindi. Zohidjon Madaminov tushuncha berishicha, tadbirkorlarga 38 foizgacha berilayotgan kredit mablag‘lari bitiruvchi yoshlar uchun atigi yillik 15 foiz ustama bilan beriladi. Shu yilning o‘zida “O‘zmilliybank” AJ Farg‘ona filiali tomonidan 80 mlrd so‘m mablag‘ oliy ta’lim bitiruvchilariga shunday imtiyoz asosida kredit tarzida berilishi belgilangan.



Universitet bitiruvchilari uchrashuv chog‘ida o‘zlarining biznes loyihalari, orzu va rejalari bilan ham o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuv yakuniga ko‘ra, Farg‘ona davlat texnika universitetining 17 nafar bitiruvchisi “O‘zmilliybank” AJ Farg‘ona viloyat filiali tizimidan o‘z loyihalari uchun imtiyozli kredit olishga ariza beradigan bo‘ldilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nN0EXMI9zCk" title="Bitiruvchiga “O‘zmilliybank”dan imtiyozli kredit" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video, surat), O‘zA