Germaniyada uchuvchilar ish tashladi
Germaniyada “Lufthansa” guruhiga kiruvchi aviakompaniyalar uchuvchilari ish tashlashni boshladi.
Qayd etilishicha, aksiya “Vereinigung Cockpit” kasaba uyushmasi tashabbusi bilan 13-aprel kuni start olgan. Unda “Lufthansa Cargo”, “Lufthansa City Line” hamda “Eurowings” uchuvchilari ham ishtirok etmoqda.
Uyushma bayonotiga ko‘ra, ish tashlashga aviakompaniyalar tomonidan korporativ pensiya dasturi va jamoaviy shartnomalar yuzasidan yetarli taklif berilmagani sabab bo‘lgan. Uyushma raisi Andreas Pineyru bu qarorni “muzokaralarni saqlab qolish uchun oxirgi chora” deb atadi.
Ta’kidlanishicha, Yaqin Sharqdagi vaziyat sabab Ozarbayjon, Bahrayn, Misr, Isroil, Iordaniya, Iroq, Qatar va BAAga amalga oshiriladigan parvozlar ish tashlash doirasiga kiritilmagan.
Ish tashlash natijasi Frankfurt-Mayne va Myunxen aeroportlarida parvoz jadvaliga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Yo‘lovchilarga reyslar holatini oldindan aniqlash tavsiya etilgan. Jarayon 14-aprel kuni soat 23:59 gacha davom etadi.
D.Hakimov, O‘zA