Davlat boshqaruvi sifati yangicha yondashuv asosida baholanmoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-iyundagi farmoyishiga muvofiq, yurtimizda “Uzbekistan Government Quality Award” dasturi amalga oshirilmoqda.
U Birlashgan Arab Amirliklarining ilgʻor tajribasiga asoslangan. Davlat idoralari faoliyatini kompleks baholash orqali zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish, davlat xizmati sifatini oshirish hamda ochiqlik va hisobdorlik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan.
Dastur doirasida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan BAA ekspertlari ishtirokida qator oʻquv tadbirlari oʻtkazildi. Tinglovchilarga metodologik yondashuvlar, baholash mezonlari va materiallarni tayyorlash talablari tushuntirildi. Amaliy masalalarga – dalillarni shakllantirish, samaradorlik koʻrsatkichlarini ishlab chiqish va natijalarni toʻgʻri aks ettirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ilmiy-tadqiqot institutlari vakillaridan iborat mahalliy baholovchilar guruhi shakllantirildi.
[gallery-28589]
Dasturda 41 ta vazirlik va idora ishtirok etmoqda. Har bir tashkilotda masʼul koordinator belgilangan boʻlib, markaziy tizim bilan doimiy aloqa va tezkor axborot almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.
Shu kunlarda vazirlik va idoralar faoliyatini baholash bosqichi boshlandi. Jumladan, xorijiy va mahalliy ekspertlar Raqamli texnologiyalar vazirligi, Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi, Transport vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Maktab va maktabgacha taʼlim vazirligi, Madaniyat vazirligida boʻlib, boshqaruv samaradorligini baholashdi.
16-aprelgacha mazkur 41 ta tashkilotdagi ishlar oʻrganiladi. Uchrashuvlar va intervyular oʻtkazilib, boshqaruv samaradorligi tahlil qilinadi. Yakunda gʻoliblar aniqlanib, may oyida taqdirlash marosimi oʻtkaziladi.
“Uzbekistan Government Quality Award” davlat boshqaruvida natijadorlikni kuchaytirish, xalqaro standartni joriy etish orqali aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladigan muhim dastur sifatida baholanmoqda.
Musulmon Ziyo,
Farhod Abdurasulov va Asliddin Alijonov (surat),
O‘zA muxbirlari