Telegram kanallar OAVdan ko‘proq o‘qilyapti...mi?
Bugungi shiddatli axborot zamonida har birimizga odat bo‘lib qolgan tanish manzara — ertalab uyg‘onishimiz bilanoq telefonni olib, birinchi qiladiganimiz Telegram kanallarni ko‘zdan kechirib, qanday muhim yangilik va xabarlar sodir bo‘lgani bilan qiziqamiz. O‘zimiz uchun eng muhim va ishonchli deb bilgan kanallarimizga birma-bir ko‘z yugurtirib, eng sara, dunyo ayvonidagi eng dolzarb voqea-hodisalardan, axborotlardan tezkor xabardor bo‘lamiz.
Bugungi media olami ana shunday shiddatliligi, tezkorligi hamda qulayligi bilan hayotimizga chuqur kirib bormoqda. Bu jarayonda esa eng tezkor, eng qulay va qisqa formatli manba sifatida Telegram kanallar odamlarning birinchi tanloviga aylanmoqda. Ular xabarni darhol berishi, sodda tili, qisqa-lo‘nda va “hazm bo‘ladigan” formati bilan, qolaversa, tahrir, tekshiruv, byurokratiya kamligi bilan “birinchi” bo‘lmoqda.

An’anaviy ommaviy axborot vositalari esa rasmiy uslubi, biroz uzun matni va eski formati bilan, ayrim cheklovlar, ya’ni, hammasini borligicha ayta olmasligi bilan o‘quvchini unchalik qiziqtira olmayotgandek nazarimizda.
Xo‘sh, bugun odamlar qulay va tezkor manba ortidan quvib, an’anaviy ommaviy axborot vositalarini tashlab qo‘yishdimi? Telegram kanallar nimasi bilan o‘quvchini o‘ziga rom etmoqda? Ularning afzalliklari, OAVdan farqli jihatlari nimada?
Shu kabilar haqida taniqli jurnalist, filologiya fanlari doktori, professor Nargis Qosimovaning fikrlari bilan qiziqdik.
— Telegram kanallarining ommaviy axborot vositalariga nisbatan ko‘proq o‘qilishi zamonaviy axborot iste’moli madaniyatidagi transformatsiyalar, raqamli muhitning rivojlanishi va auditoriya ehtiyojlarining o‘zgarishi bilan bog‘liq murakkab ijtimoiy-kommunikativ jarayon sifatida izohlanadi, — deydi Nargis Qosimova. — Bu holatni faqat foydalanuvchilarning platformaviy afzalliklari bilan cheklash mumkin emas, u tezkorlik, qulaylik, formatlash, ishonch va mediapsixologik omillarning o‘zaro ta’siri natijasidir.
O‘zbekiston sharoitida Telegram platformasining keng qamrovi, ya’ni internet auditoriyasining taxminan 70 foizdan ortig‘ini tashkil etishi uni axborot tarqatishning muhim kanallaridan biriga aylantirgan.
Avvalo, Telegram kanallarining ustunliklaridan biri axborotni tarqatishdagi yuqori tezkorlikdir. An’anaviy OAVda xabar tayyorlash jarayoni ma’lum bir tahririy bosqichlardan (axborotni tekshirish, tahrirlash, formatlash) o‘tadi, bu esa ma’lum vaqtni talab qiladi. Telegram kanallarida esa axborot deyarli real vaqt rejimida, qisqa shaklda taqdim etiladi. Zamonaviy auditoriyaning “tez axborot iste’moli”ga yo‘nalgani mazkur platformaning raqobatbardoshligini oshiradi.
Ikkinchidan, Telegramning funksional qulayligi uning ommalashuvida muhim omil hisoblanadi. Axborot foydalanuvchiga bevosita yetkaziladi, ya’ni u qo‘shimcha ravishda veb-saytlarga kirish yoki axborotni izlashga muhtoj emas. Bu holat axborotni qabul qilish jarayonini soddalashtiradi va vaqt sarfini kamaytiradi. Shuningdek, platformaning interfeysi, reklama yuklamasining nisbatan kamligi va multimedia formatlarini bir joyda taqdim etish imkoniyati ham foydalanuvchi tajribasini yaxshilaydi.
Uchinchidan, Telegram kanallarida axborotning qisqa va kompakt shaklda taqdim etilishi auditoriya ehtiyojlariga mos keladi. Qisqa matnlar, aniq sarlavhalar va minimal faktologik yuklama axborotni tez qabul qilish va anglash imkonini beradi. Bu esa “skroll madaniyati” hukmron bo‘lgan raqamli muhitda muhim ahamiyat kasb etadi. An’anaviy OAV esa ko‘proq tahliliy va kengaytirilgan formatni saqlab qoladi. Bu esa har doim ham ommaviy auditoriya talablariga javob bermasligi mumkin.
To‘rtinchidan, Telegram platformasining shaxsiy kommunikatsiya muhiti bilan integratsiyalashganligi uning ta’sir doirasini kengaytiradi. Foydalanuvchilar ushbu platformadan nafaqat axborot olish, balki shaxsiy muloqot, ish yuritish va ma’lumot almashish vositasi sifatida ham foydalanadi. Natijada Tyelegram axborot iste’molining alohida kanali emas, balki kundalik raqamli hayotning ajralmas qismiga aylanadi.
Beshinchidan, Tyelegram kanallar auditoriya psixologiyasiga moslashuvchan kommunikatsiya modellarini qo‘llaydi. Jonli va ta’sirchan sarlavhalar, emotsional ton, vizual kontent va interaktiv elementlar auditoriya diqqatini jalb etishda muhim rol o‘ynaydi. Bu holat an’anaviy jurnalistika uslubidan farq qiladi. Chunki OAV ko‘proq neytrallik va rasmiylik tamoyillariga tayanadi.
Oltinchidan, Tyelegramda axborot tarqalishining tarmoqli (network-based) xususiyati uning ta’sirini yanada kuchaytiradi. Bir manbada joylangan xabar qisqa vaqt ichida boshqa kanallar, guruhlar va shaxsiy chatlar orqali keng tarqaladi. Bu jarayon axborotning virusli tarqalishiga olib keladi va uning qamrovini sezilarli darajada oshiradi.
Yettinchidan, auditoriyaning axborot manbalariga bo‘lgan ishonchi transformatsiyaga uchrayotgani ham muhim omil hisoblanadi. Zamonaviy media muhitida foydalanuvchilar ko‘pincha bir nechta manbani parallel ravishda iste’mol qiladi va axborotni solishtirish orqali xulosa chiqaradi. Tyelegram kanallarida axborotning sodda va tez taqdim etilishi ba’zi hollarda auditoriya uchun ishonchlilik illyuziyasini ham shakllantirishi mumkin.
Sakkizinchidan, O‘zbekistonda Tyelegram platformasining yuqori darajada institutsionallashuvi kuzatiladi. Ko‘plab rasmiy tashkilotlar, media sub’ektlar va mustaqil kontent yaratuvchilar aynan shu platforma orqali faoliyat yuritadi. Bu esa Tyelegramni alohida media ekotizim sifatida shakllantirgan.
Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, Tyelegram kanallarining ommalashuvi ularning har doim ham yuqori jurnalistik sifatga egaligini anglatmaydi.
An’anaviy OAVning asosiy afzalliklari axborotni tekshirish (faktcheking), tahririy nazorat, huquqiy javobgarlik va chuqur tahlil hali ham dolzarbligini saqlab qolmoqda. Shu sababli axborot iste’molida muvozanatli yondashuv muhim: tezkor ma’lumotni raqamli platformalardan olish va uning ishonchliligini professional OAV orqali tekshirish maqsadga muvofiq.
Qisqa qilib aytganda, Tyelegram kanallarining yuqori o‘qilishi tezkorlik, funksional qulaylik, qisqa format, kundalik hayotga integratsiya, auditoriya psixologiyasiga moslashuv va tarmoqli tarqalish mexanizmlari bilan izohlanadi. Biroq sifatli va ishonchli axborot ta’minlash nuqtai nazaridan an’anaviy OAVning ahamiyati saqlanib qolmoqda, – deydi Nargis Qosimova.
Darhaqiqat, bugungi axborot asrida zamonaviy o‘quvchi tez tushunishni, yangiliklardan tezkor, birinchilardan bo‘lib xabardor bo‘lishni istaydi. Shu nuqtai nazardan Tyelegram kanallari o‘quvchining yangi odatlariga moslashgan holda tezkorlik va qulaylikka asoslangan. Ammo an’anaviy OAV biroz eski formatda qolib ketayotgan bo‘lsa-da, professionalligi, ishonchliligi, tekshirilganligi bilan o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Muhtarama Komilova,
O‘zA