Amir Temurning harbiy-strategik mahorati: elementar xususiyatlar (+video)
Kim uchundir yengilmas Turon xoqoni, kim uchundir esa buyuk jangchi va sarkarda. Tarix sahnasida Amir Temurga hamma o‘zicha ta’rif bergan. Lekin o‘sha ta’rifchilarning hech biri o‘zlarining qaydnomalariga "Temur yengildi" deb yozmaslar!
Yurtimiz tarixida buyuk sarkarda sifatida nom qoldirgan Amir Temur nafaqat zabardast jangchi, balki o‘z davrining yuksak harbiy strateglaridan biri bo‘lgan. Uning harbiy yurishlari va g‘alabalari ortida puxta rejalashtirilgan taktika, innovatsion yondashuv va mukammal tashkil etilgan qo‘shin tizimi mujassam edi. Manbalarda qayd etilishicha, Sohibqiron birorta yirik jangda mag‘lubiyatga uchramagan. Bu natija esa uning harbiy mahorati, jang maydonida to‘g‘ri qaror qabul qilish salohiyati bilan izohlanadi. Shuningdek, Amir Temur qo‘shinida zamonaviy qurollar ham alohida ahamiyat kasb etgan. Xususan, Sohibqiron lashkarida foydalanilgan “Ra’d” deb nomlangan olov sochuvchi qurol o‘sha davr uchun innovatsion hisoblangan.
RA’D
Ra’d arabcha “momaqaldiroq” degan ma’noni anglatadi. Ushbu qurol nafaqat dushmanga jismoniy zarar yetkazgan, balki momoqaldiroq kabi kuchli portlash ovozi orqali insonni dahshatga solar edi. XIV asrda qal’alarni buzish uchun palahmon toshlaridan keng foydalanilar, olov sochuvchi to‘plar - endigina Yevropada ixtiro qilingan va hali urfga kirmagan bir davrda Sohibqiron o‘z lashkariga Turkiyalik muhandislarni keltiradi va Osiyoda birinchi marta olov sochuvchi to‘p – Ra’ddan foydalandi. Ra’dning qanday tayyorlanishi Alisher Navoiyning “Saddi-Iskandariy” dostonida keltirilgan. U dumaloq to‘p shaklida tayyorlanib ichiga doru (porox) to‘ldirilgan. To‘pning 2 ta teshigi bo‘ladi. Bitta teshigiga yog‘ga to‘yintirilgan Fatila (plita) o‘rnatiladi va yoqiladi. Devorlarni buzishda bu eng samarali usul edi. Chunki fatila yonib poroxga borganda u portlaydi. Bu odatiy palahmon toshidan ko‘ra bir necha barobar ko‘proq talofat keltiradi, -deydi filologiya fanlari doktori, professor Hamidulla Dadaboyev.
Shuningdek, askarlarning qurol-yarog‘lari va himoya vositalari ham mukammal ishlab chiqilgan. Har bir qurol jang jarayonida maksimal samaradorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lsa, sovutlar askar harakatiga halal bermagan holda muhim tana qismlarini himoya qilgan.

QUMBUL
Harbiy strategiya borasida esa Amir Temur mavjud jang usullarini yanada takomillashtirdi. An’anaviy besh qismli qo‘shin tizimi (avangard, barong‘or, javong‘or, qalb va zaxira) bilan bir qatorda, u qo‘shimcha maxsus bo‘linmalarni joriy etdi. Xususan, “Qumbul” deb ataluvchi tezkor otliq askarlar guruhi dushman ortiga aylanib o‘tib, kutilmagan zarba berish orqali jang taqdirini hal etishda muhim rol o‘ynagan. Amir Temur bu usulni To‘xtamishxonga qarshi ilk jangda qo‘llaganida dushman lashkari sarosimada qoladi va tarqab ketadi. To‘xtamishxon esa jang maydonini tashlab qochishga majbur bo‘ladi. Undan tashqari, Sohibqiron jang maydonini oldindan o‘rganish, quyosh nuri yo‘nalishini hisobga olish kabi omillarga ham jiddiy e’tibor qaratgan. Bu esa uning har bir jangni nafaqat kuch bilan, balki chuqur tahlil va strategik yondashuv asosida olib borganini ko‘rsatadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xJ7mqitv1u0" title="Amir Temurning harbiy-strategik mahorati: elementar xususiyatlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Mehrojiddin Umurzaqov, Salimjon Obidjonov (video), O‘zA