Mehnatobodda bahorgi piyoz yig‘ishtirib olinmoqda
Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi Mehnatobod mahallasida bahorgi piyoz hosilini yig‘ishtirib olish boshlandi.
Janubdagi viloyat qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan sifatli, mo‘l hosil olish uchun qulay iqlim va unumdor tuproqqa ega. Shu bois vohaning tabiiy quyosh nuriga to‘yinib pishgan erta bahorgi oziq-ovqat mahsulotlari mamlakatimiz va xorijda xaridorgir bo‘ladi.

Mehnatobod mahallasi aholisi bu imkoniyatdan oqilona foydalanib, piyoz yetishtirishda yetarli tajriba to‘plagan. So‘nggi yillarda ular “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida parvarishlayotgan piyozga ichki va tashqi bozorda talab ortib bormoqda.
Mahallada 855 ta xonadon mavjud. Bu yil uchun ham mahalladagi 800 dan ortiq xonadon tomorqasida joriy yil hosili uchun qariyb 150 gektar maydonda “Koreyskiy”, “Hayot” va “Sibirskiy” navli mahalliy iqlimga mos piyoz parvarishlab, mo‘l hosil to‘pladi. Bahorning dastlabki oyida pishib, yetilgan mahsulotdan 20 ming tonnadan ziyod hosil yig‘ib olish mo‘ljallanmoqda.

Tajribali dehqon Holiqnazar Boymatov 20 sotix maydonda parvarishlagan piyozdan qariyb 30 tonna hosil olib, yuz million so‘m atrofida daromad qilishni ko‘zda tutmoqda.

– Piyoz ovqat hazm qilish xususiyatiga ega shifobaxsh, foydali vitaminlarga boy sabzavot, – deydi Holiqnazar Boymatov. – Ayniqsa, hozirgi “ilik uzildi” davrida yangi pishib yetilgan piyozni iste’mol qilish insonning vitaminlarga ehtiyojini qoplashga ko‘maklashadi. Shuning uchun erta bahorda pishgan mahsulotimiz xaridorgir bo‘ladi. Piyoz sovuqqa chidamli sabzavot. Bizning iqlimimizda bahor boshlanishi bilan pishib yetiladi.

Mehnatobodlik dehqonlarning aytishicha, so‘nggi yillarda mo‘’jazgina tomorqalarda parvarishlanayotgan piyoz oilalarning yaxshi daromad manbaiga aylandi. Odamlar mehnatiga yarasha farovon, to‘kin turmush kechirmoqda.
Tuman hokimi Abdulla Mamatqulov mahallada bo‘lib, pishib yetilgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Dehqonlar bilan suhbatlashib, uni sifatli terib-yig‘ib olish va xaridorlarga yetkazib berish jarayonlari bilan qiziqdi. Mavjud tomorqalardan yanada samarali foydalanish yuzasidan tavsiyalarini bildirdi.
Bahorning ilk kunlaridan mahallada peshma-pesh yig‘ishtirib olinayotgan piyoz bosqichma-bosqich ichki va tashqi bozorga chiqarishga tayyorlanmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri