“Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi – Yangi O‘zbekistonning strategik taraqqiyot modeli va ulkan imkoniyatlar maydoni
Mamlakatimizda shaharsozlik, infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada amalga oshirilayotgan eng yirik va strategik ahamiyatga ega loyihalardan biri Yangi Toshkent shahrini barpo etish tashabbusidir.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Davlatimiz rahbariga taqdim etilgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi konsepsiyasi strategik ahamiyatga ega loyihalardan biri va shu yo‘nalishdagi keng qamrovli rejalarning uzviy qismi hisoblanadi.
Mazkur loyiha nafaqat shaharsozlik, balki madaniyat, turizm va ma’naviy taraqqiyotni uyg‘unlashtirgan holda amalga oshirilayotgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Yangi Toshkent shahrini barpo etishning birinchi bosqichida 6 ming gektar hududda qurilish ishlari amalga oshirilib, 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratilishi rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq amalga oshirilganda esa bu hudud 2 million aholi yashaydigan zamonaviy megapolisga aylanadi. Bu ko‘rsatkichlar Yangi Toshkentning nafaqat O‘zbekiston, balki butun mintaqadagi yirik shaharlardan biriga aylanishini anglatadi.
Mazkur loyihaning eng diqqatga sazovor jihatlaridan biri 32 gektar maydonda barpo etiladigan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasidir. Unda turar joylar, tijorat binolari, mehmonxonalar, madaniyat va ta’lim muassasalari hamda boshqa zamonaviy infratuzilma ob’ektlari qurilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu esa ushbu hududni faqat yashash joyi emas, balki jamoat va madaniy markaz sifatida shakllantirishga xizmat qiladi.
Loyihaning konseptual jihati yanada chuqur ma’no kasb etadi. Unga ko‘ra, majmua hududida Buyuk Ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan turli sivilizatsiyalarni aks ettiruvchi mavzuli mahallalar tashkil etiladi. Bu orqali nafaqat tarixiy meros tiklanadi, balki madaniyatlar muloqoti uchun zamonaviy maydon yaratiladi.
Ayniqsa, O‘zbekiston mahallasiga alohida e’tibor qaratilishi loyihaning milliy ruhda shakllanayotganini ko‘rsatadi. Bu yerda har bir me’moriy yechim, har bir ko‘cha va maydon xalqimizning boy tarixi, madaniyati va qadriyatlarini aks ettiradi.
Loyiha doirasida muzeylar faoliyatini renovatsiya qilish, tarixiy merosni zamonaviy formatda namoyon etish masalalariga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Imom Moturidiy ziyoratgohida yangi muzey tashkil etish, Bahouddin Naqshband ilmiy-innovatsion muzeyini boyitish hamda Temuriylar tarixi davlat muzeyini zamonaviy dizayn asosida qayta tashkil etish rejalashtirilgan.
Bu tashabbuslar, avvalo, milliy tariximizni chuqur o‘rganish va uni yosh avlodga yetkazishga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan, mamlakatimizning xalqaro turizm salohiyatini yanada oshirishga zamin yaratadi.
Eng muhimi, “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi oddiy arxitektura ob’ekti emas, balki o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ma’naviy-madaniy platforma sifatida namoyon bo‘lmoqda. U orqali O‘zbekiston o‘zining boy tarixi va zamonaviy taraqqiyotini uyg‘un holda jahonga namoyon etadi.
Xulosa qilib aytganda, Yangi Toshkent shahri va uning tarkibiy qismi bo‘lgan “Buyuk Ipak yo‘li” majmuasi – bu shunchaki shaharsozlik loyihasi emas, balki Yangi O‘zbekistonning strategik taraqqiyot modeli, madaniyat va sivilizatsiyalarni birlashtiruvchi zamonaviy makon va kelajak avlod uchun yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar maydonidir.
N.Abduraimova,
O‘zA