Askarlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda (+video)
Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida joriy yil 13-yanvar kuni o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida yoshlarni muddatli harbiy xizmatga qiziqtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya tizimida kasbga o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Bu borada Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Shu asosda Respublika kasbiy ko‘nikmalar markazi va hududiy o‘quv markazlarida o‘quv jarayonlari tashkil etildi.
Milliy gvardiya bo‘linmalarida xizmat qilayotgan va turli kasblarga qiziqish bildirgan 1 644 nafar askar uchun 72 soatdan 144 soatgacha bo‘lgan qisqa muddatli kurslar joriy etildi.
Poytaxtning Yashnobod tumanida joylashgan kasbiy ko‘nikmalar markaziga Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-polkovnik Bahodir Toshmatov tashrif buyurdi. U yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, kasb o‘rganayotgan askarlar va ustozlar bilan muloqot qildi.
Askarlar kompyuter grafikasi, avtomobil ta’miri, payvandlash, elektr ishlari, santexnika, sartaroshlik hamda maishiy texnika ta’miri kabi mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni o‘zlashtirdi. Ular sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, kasbiy malakaga ega bo‘ldi.
Tadbir yakunida askarlarga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Shuningdek, kelgusida harbiy xizmatchilar uchun sun’iy intellekt asosida til o‘rgatishni yo‘lga qo‘yish masalasi ham kelishib olindi.
Xizmatni yakunlagan askarlarni ish bilan ta’minlashda Milliy gvardiya, mahalliy hokimliklar va Yoshlar ishlari agentligi hamkorlik qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/qcKAs_k46M8" title="Askarlar kasb-hunarga o‘qitilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>N.Rahmonova,
U.To‘xtayev (montaj), O‘zA