Sohibqiron saltanatida el mablag‘ini talon-toroj qilganlar qanday jazolangan?
Davlatchilik tarixida saltanatlarning qudrati faqatgina qo‘shinning yengilmasligi bilan o‘lchanmaydi. Haqiqiy kuch boshqaruvdagi adolat mezoni va qonunlarning qat’iy ishlashi bilan belgilanadi. Mamlakat xazinasiga ko‘z olaytirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish davlat poydevorini ichidan yemiruvchi xavfli illatlar sanaladi. Amir Temur bu achchiq haqiqatni teran anglagan. Shu bois u nazorat tizimida o‘ta qat’iy tartib o‘rnatgan. Uning saroyida amaldorlarning boylik orttirish maqsadida o‘z vazifasidan foydalanishi kechirilmas xiyonat sifatida baholangan. Tarixchi olima Shohista O‘ljayevaning qayd etishicha, Sohibqiron molparast amaldorlarning qing‘ir ishlari pirovardida davlatni halokatga olib borishini juda yaxshi tushungan.
Jinoyatning mudhish oqibati bilan emas, balki uni keltirib chiqaruvchi tub sabablar bilan kurashish oliy boshqaruv san’ati hisoblanadi. Buyuk Sohibqiron davlat mulki talon-toroj qilinishining oldini olish maqsadida g‘oyat puxta tadbir ishlab chiqadi. Saltanat boshqaruvida faoliyat yurituvchi muhim arboblar va olimlarning maoshlari keskin oshiriladi. Ularning oylik maoshi oddiy xizmatchilarnikidan o‘n, yuz, hatto ming barobargacha ko‘paytiriladi. Davlat farmonlari va qonunlarida har bir mansabdorning martabasiga qarab haq to‘lash qoidasi qat’iy belgilanadi. Amaldorlarning xorijiy elchilardan yoki tobe qilingan hududlardan turli ko‘rinishdagi sovg‘alar olishi masalasi ham huquqiy jihatdan to‘liq tartibga solinadi. Shaxsiy va intizomiy javobgarlik me’yorlari kundalik amaliyotga qat’iy joriy etiladi. Moddiy ta’minoti yuqori darajada hal qilingan xizmatchining nopok yo‘lga kirishiga hech qanday bahona qolmaydi.
Yuqori maosh va barcha qulay sharoitlar yaratilgach, saroy xizmatchisidan faqatgina sadoqat va halollik talab qilingan. Bu muqaddas mezonga amal qilmaganlar esa qanday martaba egasi bo‘lishidan qat’i nazar, shafqatsiz jazolangan. Amir Temur saltanatida adolat tarozisi hamma uchun birdek teng ishlagan. Mamlakatning turli viloyatlarida muntazam ravishda keskin taftish, kutilmagan so‘rov va tergov ishlari olib borilgan. Bunday chuqur tekshiruvlar natijasida Sohibqironning uchinchi o‘g‘li Mironshoh va suyukli nevarasi Pirmuhammadning qing‘ir ishlari fosh bo‘ladi. Ular o‘z yuksak lavozimini suiiste’mol qilib, oddiy fuqarolar manfaatiga o‘ta sovuqqonlik bilan qaragan edi. Buyuk sarkarda har ikkisini ham ayab o‘tirmaydi va ularga nisbatan tegishli qattiq jazo qo‘llaydi. Qonun oldida hatto hukmdor avlodlarining ham oddiy fuqaro bilan barobarligi shu tariqa o‘z isbotini topadi.
Yevropalik elchilar Turon zaminidagi bu murosasiz qonun ustuvorligidan doimo hayratga tushgan. Ispaniya elchisi Lui Gonsales de Klavixo Samarqandda guvoh bo‘lgan muhim bir tarixiy voqeani qayd etadi. Uning kundaligida yozilishicha, poytaxtda qariyb yetti yil davomida dorug‘alik qilgan yirik amaldor qatlga hukm qilinadi. Bu mansabdor uzoq vaqt davomida hukmdorning ishonchini suiiste’mol qilib, davlat xarajatlarida nopoklikka yo‘l qo‘ygan edi. Uning butun mol-mulki xazina foydasiga musodara etilib, o‘zi shu zahoti o‘limga hukm qilinadi. Shuningdek, Bibixonim masjidi qurilishida talon-torojlikka yo‘l qo‘ygan amaldor Xo‘ja Mahmud Dovud va nazoratchi Muhammad Jilda ham xalq ko‘z o‘ngida ayovsiz jazolanadi. Shunday yuksak mavqega ega shaxslar ustidan chiqarilgan bu hukm butun saltanatni larzaga soladi.
Buyuk hukmdor faqatgina saroy a’yonlarining hisoboti bilan cheklanib qolmagan. U uzoq harbiy safarlardan qaytgach, albatta poytaxt aholisining haqiqiy ahvolidan bevosita xabar olgan. Maxsus belgilangan kunlarda arzchilarni yuzma-yuz qabul qilib, shahar amaldorlarining xalqqa qanday muomala qilayotganini tekshirgan. Tarixchi Erkin Azimov ana shunday ommaviy qabullardan birini batafsil bayon etadi. Bir guruh dehqonlar suv taqsimotiga bevosita mas’ul bo‘lgan miroblar ustidan og‘ir arz bilan keladi. Miroblar asosiy hayot manbai bo‘lgan ariqlarni to‘sib olib, faqatgina pora bergan kimsalarga suv ochayotgan edi.
Amir Temur el rizqiga tomir otgan bunday qabihlikni shaffof tarzda ko‘rib chiqadi. Bu ishni adolatli hal etish uchun darhol eng xolis kishilarni, ya’ni muhtaram sayyidlarni saroyga chaqirtiradi. Ularning bevosita ishtirokida barcha guvohlar tinglanib, xalq haqini yegan poraxo‘r miroblar o‘sha zahoti jazolanadi. Shu bilan birga, Amir Temur bunday yashirin jinoyatlarni aniqlashda jamoatchilik nazoratiga ham qat’iy tayangan. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida yozilishicha, hijriy 806 (milodiy 1403) yilda Baylaqon shahrida chaqirilgan ulamolar kengashida Amir Temur ziyolilarga yuzlanib, hokimlarning zulmi va devondagi qing‘irliklar haqida ochiq ma’lumot berishni so‘raydi. Bu chigal masalalarni bartaraf etish uchun shariat va qonunlarga muvofiq chora-tadbirlar taklif qilishni aytadi.
Davlat boshqaruvida olimlar va fuzalolarning xolis fikriga tayanish o‘sha davr uchun yuksak siyosiy tafakkur mahsulidir. Amir Temur saltanatida o‘rnatilgan bunday temir intizom milliy davlatchiligimiz tarixining yorqin sahifalaridan sanaladi. Amaldorlar uchun ulkan moddiy imkoniyatlar yaratish bilan birga, qonun ustuvorligini qat’iy ta’minlash o‘rta asrlar davlatchiligi uchun noyob holat edi. Buyuk sarkarda va davlat arbobining poraxo‘rlikka qarshi olib borgan bunday murosasiz kurashi asrlar o‘tsa-da, avlodlar uchun ibrat maktabi bo‘lib qolaveradi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA