Navro‘z sayli: inson qadri ulug‘langan ayyom
Qashqadaryo viloyatida umumxalq bayrami – Navro‘z keng nishonlandi. “Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir” degan bosh g‘oya asosida tashkil etilgan sayilda milliy qadriyatlar, ezgu an’analar va yangilanish ruhi uyg‘unlashdi.
Tadbirda viloyat rahbari ishtirok etib, yig‘ilganlarni bayram bilan samimiy tabrikladi.
– Hayotimizning har bir kuni Navro‘z, yangi kun – yangi imkoniyat bo‘lsin! – dedi viloyat rahbari.
Ta’kidlanganidek, bugun mamlakatimizda muhtaram Prezident rahbarligida inson qadrini ulug‘lash, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholini daromadli qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, yoshlar va xotin-qizlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar olib borilayotgani alohida qayd etildi.
[gallery-28373]
Qayd etilganidek, Navro‘z ayyomi mehnat mavsumining boshlanishi, yerga urug‘ qadash, ko‘chat ekish kabi ezgu ishlar bilan hamohangdir. Shu bois, dehqon va fermerlarning sermahsul mehnati e’zozlanib, ularga omad tilab qolindi.
Shuningdek, yurtdoshlar yerdan unumli foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mahalla va xonadonlarni obodonlashtirish, yashil makon barpo etishga faol hissa qo‘shishga chaqirildi.
Tadbirda mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni alohida e’tirof etildi. Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan sohada mehnat qilayotgan fidoyilarga samimiy tilaklar bildirildi.
Ayniqsa, yaqinda imzolangan Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qaror viloyat hayotida yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi. Unga ko‘ra, joriy yilda hudud taraqqiyoti uchun 15 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, aholi tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga katta resurslar ajratilishi belgilangan.
Shu bilan birga, viloyat iqtisodiyotiga 3,5 milliard dollar investitsiya jalb qilish, eksport hajmini sezilarli oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilishi qayd etildi.
Yo‘llar, elektr va suv ta’minotini yaxshilash, yangi bog‘chalar tashkil etish, yoshlarni kasb va xorijiy tillarga o‘qitish kabi muhim vazifalar belgilab olingani ta’kidlandi.
Navro‘z sayli doirasida milliy o‘yinlar, xalq hunarmandchiligi namunalari, konsert dasturlari namoyish etildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/87ZMkVR-t8g?si=q3vAlv_fV90HN6Em" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari