Global beqarorlik sharoitida O‘zbekiston iqtisodiyoti: xavf va imkoniyat
Bugungi kunda jahon murakkab geosiyosiy davrni boshdan kechirmoqda. Dunyoning turli nuqtalarida yuzaga kelayotgan ziddiyatlar nafaqat siyosiy muhit, balki global iqtisodiy tizimga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, Yaqin Sharqda AQSH, Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik xalqaro savdo yo‘li, energetika bozori va logistika zanjiriga bosimni kuchaytirmoqda.
Ayni sharoitda davlatlar iqtisodiy barqarorligini mustahkamlash, tashqi xatarga moslashish va yuzaga kelayotgan yangi imkoniyatdan samarali foydalanish masalasiga jiddiy yondashmoqda. O‘zbekiston ham bu jarayonda faol. Umuman, hozirgi geosiyosiy sharoitni faqat xavf emas, balki iqtisodiy strategiyani qayta ko‘rib chiqishga undaydigan holat sifatida baholash mumkin.
Iqtisodiyot assambleyasi global iqtisodiy o‘zgarishlar asnosida mamlakatimiz iqtisodiyoti barqarorligini ta’minlash uchun yangi imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha tahliliy qarashini bildirdi.
Global xatar va ichki bozor barqarorligi
– Yaqin Sharqdagi beqarorlik an’anaviy energiya bozorida narx tebranishini kuchaytirishi mumkin. Shu bilan birga xalqaro yuk tashish xarajati oshishi ehtimoli ham ortmoqda. Bu import qimmatlashishi, ichki bozorda inflyatsiya bosimi kuchayishiga olib keladi. Assambleya raisi Muhtor Umarov masalaga quyidagicha izoh berdi:
– Bugungi murakkab geosiyosiy sharoitda faqat tashqi xatarga qarshi turish yetarli emas. Masalan, milliy iqtisodiyot barqarorligini mustahkamlash ham juda muhim. Ayni jarayonda energetika mustaqillikni ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligini kuchaytirish va mahalliy ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish talab qilinadi.
Logistik burilish: O‘zbekiston – strategik ko‘prik
– Global savdoda yuzaga kelayotgan xavf dengiz orqali tashish yo‘nalishi barqarorligiga ham ta’sir qilmoqda. Suvaysh kanali va Fors ko‘rfazi atrofidagi xavf-xatar savdo oqimidagi muqobil yo‘llarni izlashga majbur qilmoqda. Bu vaziyatda quruqlik transporti yo‘laklari ahamiyati ortmoqda. Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonning Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim tranzit hududi sifatidagi yangi imkoniyatlari ochilyapti.
So‘nggi yillarda transport infratuzilmasi takomillashtirilishi, temir yo‘l tarmog‘i kengaytirilishi va logistika markazlari rivojlantirilishi ushbu imkoniyatni yanada kengaytirmoqda. Endi respublikamiz nafaqat tranzit yo‘lakka, balki mintaqaviy logistika markaziga aylanish salohiyatininamoyon etmoqda.
Sarmoyadorlar uchun tinch bandargoh
– Global moliyaviy bozorlardagi noaniqlik sharoitida investorlar odatda barqaror va ishonchli iqtisodiy muhitga ega mamlakatlarni izlaydi. So‘nggi yillari yurtimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, sarmoyaviy muhitni yaxshilashga qaratilgan choralar hamda xorijiy tadbirkorlar huquqini himoya qilish mexanizmi yaratilishi mamlakatimiz investitsion jozibadorligini oshirmoqda.
Yirik infratuzilma loyihalari va sanoat zonalari ham xorijiy sarmoyadorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Shu tariqa O‘zbekiston global iqtisodiy beqarorlik davrida sarmoya uchun nisbatan xavfsiz va istiqbolli makon sifatida namoyon bo‘lyapti.
Kelajakka yo‘naltirilgan ustuvor vazifa
– Mavjud global vaziyat mamlakat iqtisodiyotini yanada barqaror, raqobatbardosh qilish uchun qator muhim vazifalarni kun tartibiga chiqarmoqda. Avvalo, inson kapitaliga sarmoya kiritish ustuvor ahamiyat kasb etadi. “Edu Job” kabi tashabbuslar orqali zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega mutaxassislar tayyorlash muhim vazifa hisoblanadi. Raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish ham juda muhim. Raqamli texnologiya iqtisodiy jarayonda shaffoflikni ta’minlab, samaradorlikni oshiradi. Bundan tashqari mintaqaviy iqtisodiy integratsiyani kuchaytirish ham dolzarbligini yo‘qotmagan.
Markaziy Osiyo davlatlari iqtisodiy hamkorligi faollashuvi mintaqaning global savdodagi rolini sezilarli darajada oshiradi. Global geosiyosiy beqarorlik davri davlatlar uchun jiddiy sinovdir. Binobarin, strategik yondashuv va puxta iqtisodiy siyosat orqali ayni vaziyat yangi imkoniyatlarga yo‘l ochadi. Darhaqiqat, O‘zbekiston qulay joylashuvi, iqtisodiy salohiyati va izchil islohotlari orqali shakllanayotgan yangi global iqtisodiy tizimda munosib o‘rin egallay oladi. Shu bois mazkur sharoitni faqat xavf emas, balki taraqqiyot uchun yangi imkoniyat sifatida baholash zarur.
Musulmon Ziyo tayyorladi.
O‘zA